O‘zbekiston Prezidentining 24-yanvarda bo‘lib o‘tgan Parlamentga Murojaatnomasida ta’kidlangan fikr va belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Ichki ishlar vazirligining mas’ul xodimlardan iborat ishchi guruhlari shakllantirildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi “Daryo”ga ma’lum qildi.

Xabar berilishicha, ishchi guruhlari zimmasiga joriy yilning 3—6-fevral kunlari barcha hududiy ichki ishlar organlarida tezkor xizmat faoliyatini o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatish vazifasi yuklatildi.

O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari U.Toshxo‘jayev hamda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Doniyor Qodirov rahbarligidagi ishchi guruhi Farg‘ona viloyatida o‘rganish ishlarini boshladi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilgan yig‘ilishda ichki ishlar vazirligining mas’ul xodimlariga barcha tuman-shahar ichki ishlar organlarining tezkor xizmat faoliyatini o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatishda nimalarga e’tibor qaratish bo‘yicha aniq vazifalar va yo‘l xaritasi belgilab berildi.

Doniyor Qodirovning ma’lum qilishicha, o‘rganishdan ko‘zlangan maqsad tizimdagi eng quyi bo‘g‘in, ya’ni, profilaktika inspektorlari faoliyatigacha kirib borish, mahalla tizimi bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, sohadagi kamchiliklarni joyida aniqlash va kechiktirmay bartaraf etishdan iborat.

Ayni paytda Respublika ishchi guruhi Farg‘ona viloyatida ichki ishlar organlarining mahalla, hokimliklar va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorligining qay ahvoldaligini o‘rganish bilan birga, hududlardagi mavjud kamchiliklarni aniqlash va joyida bartaraf etish borasida ish olib bormoqda.