Yangi turdagi koronavirusning oraliq tashuvchisi pangolinlar — chumolixo‘rlarga yaqin sutemizuvchilar bo‘lishi mumkin. Bu haqda Janubiy Xitoy qishloq xo‘jalik universiteti olimlari ma’lum qildi, deb xabar beradi “RBK”.

Foto: “RBK”

Olimlar yovvoyi hayvonlarning mingdan ortiq namunalarini tahlil qildi. Aniqlanishicha, pangolinlar tanasidagi koronavirus shtammining 99 foizi avvalroq bemorlarda topilgan shtammga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, mutaxassislar pangolinlar virusning yagona oraliq tashuvchisi bo‘lmasligi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Tadqiqot guruhi a’zosi, professor Yuni Shenning ta’kidlashicha, avvalgi tadqiqotlarga ko‘ra, ko‘rshapalaklar yangi koronavirusning manbai bo‘lgan. Biroq uning ta’kidlashicha, odamlarga ko‘rshapalaklardan virusning yuqishi qiyin, chunki ular qishda uyquga ketadi.

Olimning qayd etishicha, ularning asosiy vazifasi ko‘rshapalaklar va odamlarni bog‘laydigan oraliq tashuvchini topish hisoblanadi. Yanvar oyi oxirida xitoylik olimlar odam ilondan yangi koronavirus yuqtirgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Yanvar oyi oxirida Xitoy Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi mutaxassislari Uxandagi dengiz mahsulotlari bozorida yangi koronavirus izlarini topgan. Ular 585 ta namunani to‘plagan, ulardan 33 tasi virus uchun ijobiy natijani ko‘rsatgan. Namunalar bozorning g‘arbiy qismida joylashgan kiosklar va axlat tashuvchi mashinalardan olingan. Markazning ma’lumotiga ko‘ra, shu yerda infeksiya paydo bo‘lgan. Olimlar hayvonlar koronavirusning manbai degan xulosaga kelgan, ammo aniq bir turning nomini ayta olmagan. Shu bilan birga, yangi koronavirus Chjetsyan provinsiyasining Chjoshuan shahridagi ko‘rshapalaklarda topilgan virusga 90 foiz o‘xshash bo‘lgan.

Xitoy sog‘liqni saqlash milliy komissiyasining ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda koronavirusdan vafot etganlar soni 7-fevral holatiga ko‘ra 636 kishiga yetdi. Vafot etganlarning katta qismi — 618 nafar odam Xubey provinsiyasida joylashgan Uxan shahriga to‘g‘ri kelmoqda. Uxan shahridagi krematoriylar koronavirus sabab to‘lib ketgan. Umumiy hisobda kasallanganlar soni 31 161 kishini tashkil qilmoqda.

Gonkonglik olimlar koronavirusni 40 daqiqada aniqlaydigan uskuna ixtiro qildi. Xitoylik erkak esa bozorda 15 soniya ichida koronavirusga chalindi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus bo‘yicha forum o‘tkazadi. Avvalroq JSST birinchi marta Xitoyda koronavirus infeksiyasini yangi yuqtirib olganlar soni kamayganini qayd etgani haqida xabar berilgan edi. 7-fevral, juma kuni, Uxandagi gospital yangi turdagi koronavirus xavfi haqida birinchilardan bo‘lib ogohlantirgan shifokor Li Venlyan koronavirus oqibatida vafot etganini ma’lum qildi.