Uxandagi gospital yangi turdagi koronavirus xavfi haqida birinchilardan bo‘lib ogohlantirgan shifokor Li Venlyan koronavirus oqibatida vafot etganini ma’lum qildi, deb xabar beradi South China Morning Post.

Foto: Weibo

Gospitaldagilarning ta’kidlashicha, 34 yoshli shifokor 7-fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 02:58 da olamdan o‘tgan.

Biroq shifokorning o‘limi e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tib, Global Times Li tirik ekanligi va hozirda jonlantirish bo‘limida yotganligi haqida xabar berdi. Bu kabi xabar gospitalning Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ham paydo bo‘lgan. Nashr shifokorning o‘limi haqidagi tvitni o‘chirib tashlagan.

BBC’ning gospitaldagi manbalariga tayanib ma’lum qilishicha, Lining o‘limi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilina boshlangach, amaldorlar uning tanasini hayotni ta’minlash tizimiga ulab qo‘yishni va xabardagi “o‘ldi” jumlasini “og‘ir ahvolda yotibdi”ga o‘zgartirish bo‘yicha topshiriq bergan.

Li Venlyan 2019-yilning dekabrida virus yuqtirib olgan bemorlar haqida hamkasblarini ogohlantirishga uringan. Dastlab u atipik pnevmoniya epidemiyasini chaqiradigan virus haqida WeChat orqali ommaga ma’lum qilgan. Amaldorlar va politsiya shifokordan yolg‘on ma’lumotlar tarqatmaslikni so‘ragan va u o‘z ishini yana davom ettira boshlagan. Yanvar oyining o‘rtalariga kelib esa Lining o‘zi ham koronavirusni yuqtirib olgan.

Avvalroq Xitoyning yetakchi epidemiologi Li Lanszyuan boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi (2019-nCoV) koronavirusga qarshi kurashda yutuqqa erishganini e’lon qildi. Shuningdek, Xitoy koronavirusga qarshi 3 yildan beri mavjud bo‘lgan doriga patent olmoqchi ekanligi ma’lum qilindi.

Toshkentdagi dorixonalarda esa niqoblarning taqchilligi kuzatilmoqda, ba’zi dorixonalarda kuniga 700 dona niqob sotilmoqda. O‘zbekiston dorixonalarida esa tibbiy niqoblar narxi 500 so‘mdan 5000 so‘mgacha oshdi.