Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasida “Harakatdagi ijtimoiy yordam ko‘rsatish markazi” tashkil etildi. Viloyat IIBning xabar berishicha,“Gazel” rusumli mikroavtobus tarkibida barpo etilgan markazda psixolog, tarbiyaviy ishlar bo‘yicha inspektor, shifokor faoliyat yuritishi mumkin.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB

Qayd etilishicha, mikroavtobus texnik vositalar: konditsioner, aloqa vositalari, yig‘ma stol, kompyuter, shuningdek, turli ko‘rinishdagi psixologik ko‘rgazmalar bilan jihozlangan. Bundan tashqari, massaj o‘rindig‘i ham mavjud.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB

Markaz favqulodda holatlarda psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan bo‘lib, bu xizmat paytida xodimlarning faol ruhiy holatda bo‘lishini ta’minlaydi. Markaz ular bilan bog‘liq har qanday ko‘ngilsiz holatlarni tez va samarali bartaraf etishga yordam beradi.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB

Foto: Farg‘ona viloyati IIB

Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurgan Prezident administratsiyasi va Ichki ishlar vazirligidan iborat ishchi guruh mazkur markaz faoliyati bilan tanishib, unga ijobiy baho berdi, deyiladi xabarda.

Avvalroq mazkur ishchi guruh Farg‘ona va Namangan viloyatlarida ichki ishlar idoralari faoliyatini o‘rganayotgani haqida xabar berilgan edi.