Farg‘onada bir guruh qizlar profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchisi lavozimida ish boshladi, deya xabar beradi “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo”

O‘zbekiston Prezidentining 24-yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlangan fikr va belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib Prezident Administratsiyasi va Ichki ishlar vazirligining mas’ul xodimlardan iborat ishchi guruhlari shakllantirilgandi.

3, 6-fevral kunlari O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari Ulug‘bek Toshxo‘jayev hamda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Doniyor Qodirov rahbarligidagi ishchi guruhi Farg‘ona viloyatida o‘rganish ishlarini olib bordi. Mazkur tashrif yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirda ishchi guruh mas’ullari hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbarlari tomonidan 8 nafar qizga xizmat guvohnomalarini topshirildi. Ta’kidlanishicha, viloyat IIB tomonidan amalga oshirilgan bunday amaliyot jinoyatlar va huquqbuzarliklar profilaktikasida bevosita ayollar bilan ishlash borasida yaxshi natija beradi.

Foto: “Daryo”

Tadbirda viloyat IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan 10 nafar shaxsga fuqarolik pasportlari tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, ichki ishlar tizimidagi turli sohalarda namunali xizmat qilayotgan faol xodimlarga pul mukofotlari berildi.