Ispaniya va Buyuk Britaniyada koronavirus bilan kasallangan ikki kishi ilgari Fransiyada koronavirus bilan kasallangan britaniyaliklar guruhiga aloqadordir, deb xabar bermoqda respublika sog‘liqni saqlash vazirligi.

Foto: Reuters

“RIA Novosti”ning yozishicha, Fransiya sog‘liqni saqlash vaziri Anes Buzen mamlakatda koronavirus bilan zararlanishning beshta yangi holati: to‘rt nafar katta yoshdagi va bir bola virus yuqtirib olgani haqida xabar bergan.

Mutaxassislarning aniqlashicha, birinchi bo‘lib britaniyalik zararlangan bo‘lib, u Singapurda qisqa vaqt bo‘lganidan keyin Fransiyaga kelib Le-Kontamin-Monjua kommunasidagi tog‘-chang‘i kurortiga joylashgan.

Shundan so‘ng ushbu kottejda bo‘lgan yana 4 britaniyalik kasallangan. Koronavirus bilan kasallangan va shunchaki birinchi zararlangan odam bilan bir joyda bo‘lgan jami 11 kishi kasalxonalarga yotqizilgan.

Shuningdek, ushbu klaster bilan bog‘liq yana 2 ta kasallanish holati — biri Birlashgan qirollikda, ikkinchisi Mayorkada aniqlangan. Ular ham Le-Kontamin-Monjua kommunasidagi appartamentda bo‘lgan.

Ayni paytda Fransiyada koronavirus bilan zararlanishning 11 holati aniqlangan.

Xitoyda esa yangi turdagi koronavirus qurbonlari soni 908 kishiga yetdi. Kasallanganlar soni 40 ming kishidan oshdi. Mamlakat koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashish uchun 10,3 milliard dollarga yaqin mablag‘ sarflab yubordi.

Londondagi Gigiyena va tropik kasalliklar tadqiqoti maktabi olimlarining fikricha, fevral oyining ikkinchi yarmida virusning tarqalishi o‘zining cho‘qqisiga chiqadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adan Gebreyesus koronavirusga qarshi kurashda niqoblardan oqilona foydalanishga chaqirdi. Tashkilot himoya vositalariga talab 100 baravar, uning narxi esa 20 baravar oshishini taxmin qilmoqda.