Eron o‘zi ishlab chiqargan “Zafar” sun’iy yo‘ldoshi bilan raketa tashuvchini ishga tushirdi, ammo u orbitaga chiqa olmadi. “RBK”ning yozishicha, bu haqda Eron Mudofaa vazirligiga tayanib, IRIB davlat televideniyesi xabar bergan.

Foto: Wikimedia.org

Xabarda aytilishicha, “Simorg” raketa tashuvchi sun’iy yo‘ldoshni fazoga uchirgan, ammo orbitaga chiqish uchun yetarli tezlikka erisha olmagan. Shu bilan birga, Mudofaa vazirligida parvozni amalga oshirishda “bir qator tadqiqot maqsadlari”ga erishilgani, parvozlar tahlili esa keyingi maqsadlarda asqatishi ta’kidlangan.

Avvalroq Eron “Zafar” sun’iy yo‘ldoshini orbitaga 7-fevralgacha chiqarishni rejalashtirgan, biroq u 9-fevralga ko‘chirilgan.

O‘tgan yilning yanvarida esa Eron o‘zining “Payam” sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqara olmagan. Raketa tashuvchi ikki bosqichni tezda bosib o‘tgan, uchinchi bosqichga kelganda esa yetarli tezlikka erisholmagan.