Ketma-ket olti kundan buyon koronavirusni yangi yuqtirib olganlar soni virus o‘chog‘i hisoblanayotgan Xubey provinsiyasidan tashqari Xitoyning barcha hududlarida qisqarmoqda. Bu haqda Xitoy sog‘liqni saqlash davlat komissiyasi ma’lumotlariga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Reuters

Kunlik statistikaga qaraladigan bo‘lsa, Xubeydan boshqa hududlarda ijobiy dinamikani kuzatish mumkin. 3-fevral kuni butun mamlakat bo‘ylab 3 235 ta, Xubey provinsiyasidan tashqari 890 kasallanish holati qayd etilgan. 4-fevral kuni esa tegishli ravishda 3 887 va 731 ta holat, 5-fevral kuni — 3 694 va 707, 6-fevral kuni — 3 143 va 696, 7-fevral — 3 399 va 558, 8-fevral — 2 656 va 509, 9-fevralda esa 3 062 va 444.

Skrinshot: “RIA Novosti”

9-fevral kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida davlat qo‘mitasining rasmiy vakili Mi Fen kasallikning bu kabi dinamikasi virusning tarqalishini oldini olish va nazorat qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan qat’iy chora-tadbirlar natijasi ekanligini ta’kidlagan.

Avvalroq Xitoyda virus qurbonlari soni 908 nafarni, kasallanganlar 41,1 ming nafarni tashkil qilayotgani ma’lum qilingandi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adan Gebreyesus koronavirusga qarshi kurashda niqoblardan oqilona foydalanishga chaqirdi. Tashkilot himoya vositalariga talab 100 baravar, uning narxi esa 20 baravar oshishini taxmin qilmoqda.