AQSh prezidenti administratsiyasi Kongressdan sun’iy intellekt texnologiyalari uchun ajratiladigan xarajatlarni ikki barobarga oshirishni so‘radi. Bu haqda Oq uy rejasidan xabardor manbasiga tayanib, Meduza xabar berdi.

Foto: Reuters

Vashingtonning rejalariga ko‘ra, 2021-yilda sun’iy intellekt tadqiqotlari va ixtirolari uchun ajratiladigan mablag‘ hozirgi 973 million dollardan 2 milliard dollarga qadar o‘sishi kerak.

Shuningdek, Donald Tramp administratsiyasi kvant hisoblash sohasiga ham ajratiladigan mablag‘larni ikki barobar oshirishni so‘rash niyatida. Sohaga ajratiladigan mablag‘lar yaqin ikki yil ichida 860 million dollarga qadar o‘sishi kerak.

Manbaning ta’kidlashicha, bu orqali Oq uy sun’iy intellekt va kvant texnologiyalariga “sezilarli darajada e’tibor qaratayotgan” Xitoyga yetib olish niyatida.

AQShning bosh texnik direktori Maykl Kratsios agentlik tomonidan taqdim etilgan raqamlarni tadiqlamagan, biroq “budjet sohada Amerikaning yetakchiligini kafolatlashiga” ishontirgan.