Kasallanganlar va vafot etganlar

Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi axborotida mamlakatda yangi turdagi koronavirus qurbonlari soni 908 kishiga yetgani ma’lum qilindi. 9-fevral, yakshanba kuni, kasallik oqibatida 811 kishi vafot etgani haqida axborot berilgandi. Koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 40 171 holat qayd etilgan35 982 kishi hozirda davolanishda, shundan 6 484 kishining ahvoli og‘ir, yana 3 281 kishiga shifoxonadan uyiga javob berilgan.

Yaponiyada Yokogama portida karantinga olingan Diamond Princess sayohat kemasida koronavirus bilan kasallanganlar soni 60 nafarga ko‘payib, 130 kishiga yetdi. Kemadagi tekshiruvlar 80 yoshli yo‘lovchida koronavirus aniqlanganidan so‘ng boshlangandi. 3-fevral, dushanba kuni, 10 kishida virus aniqlangandi va shundan so‘ng kema 14 kunlik karantinga joylashtirilgan.

Jahondagi vaziyat qanaqa?

Qirg‘izistondagi “Madaniyat” nazorat-o‘tkazish punktidagi chegarachilar maskalarni noqonuniy olib o‘tishga uringan o‘zbekistonlik yigitni qo‘lga oldi. Chegarachilar uning qo‘l yukini ko‘zdan kechirganda hujjatlari bo‘lmagan 300 dan ortiq tibbiy niqob borligini aniqlagan. Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston hukumati 3-fevraldan dori vositalari va tibbiy buyumlarni mamlakat hududidan olib chiqishga 6 oy muddatga vaqtinchalik taqiq qo‘ygandi.

Xitoy Sog‘liqni saqlash davlat komissiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, ketma-ket olti kundan buyon koronavirusni yuqtirib olganlar soni Xubey provinsiyasidan tashqari mamlakatning barcha hududlarida qisqarib bormoqda.

Skrinshot: “RIA Novosti”

Koronavirus qurbonlari soni bir oy ichida 2012-yilgi Yaqin Sharq respirator sindromi (MERS-CoV) oqibatida halok bo‘lganlar sonidan oshib ketdi. Bundan bir hafta oldin koronavirus oqibatida vafot etganlar soni 2002—2003-yillarda atipik pnevmoniyadan vafot etganlar sonidan oshib ketgan edi.

Londondagi Gigiyena va tropik kasalliklar tadqiqoti maktabi olimlarining fikricha, fevral oyining ikkinchi yarmida virusning tarqalishi o‘zining cho‘qqisiga chiqadi“Vaziyat anchayin mavhumligi tufayli aniq sana yoki raqamni aytish qiyin. Lekin ma’lum axborotlar asosida Uxanda kasallik avjiga chiqqanida ushbu shaharning 5 foiz aholisi, ya’ni 500 ming nafar odam virusga chalinishi mumkin”, — deydi dastur mualliflaridan biri Adam Kuxarskiy.

Foto: France 24

Xitoy janubi-g‘arbidagi Sichuan provinsiyasida H5N6 parranda grippi tarqalayotgani haqida xabar berilmoqda. Mamlakat qishloq xo‘jalik vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, insonlarning parranda grippi bilan kasallanish holati hozircha qayd etilmagan. Parranda grippi Nanchun shahar okrugi Sichun uyezdidagi fermalardan birida aniqlangan. Fermada 2497 ta parranda bo‘lgan, ulardan 1840 tasi grippni yuqtirgan hamda nobud bo‘lgan.

Xitoyning Shanxay shahri rasmiylari barcha jamoat joylarida niqob taqib yurish majburiyatini yuklovchi qaror qabul qildi. Jumladan, aeroport, metro, jamoat transporti bekatlari, shuningdek, maktablar, kasalxonalar, savdo markazlari va supermarketlarda faqat niqobda yurish mumkin.

Xitoy Moliya vazirligi koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashish uchun 10,3 milliard dollarga yaqin mablag‘ sarflab yuborganini ma‘lum qildi. Idoraning ta’kidlashicha, hukumatning barcha darajasidagi moliyaviy institutlar kasallik tarqalishining oldini olish va nazorat qilish uchun 71,8 milliard yuan ajratgan. Markaziy hukumat 17,3 milliard yuan (2,5 milliard dollar) sarflagan.

Foto: Reuters

AQSh va Xitoy aktyori Jeki Chan koronavirusga qarshi vaksina yaratgan insonga million yuan (143 ming dollar) mukofot berishini ma’lum qildi. “Men rivojlanishi kerak bo‘lgan ko‘chalarning huvillab qolishiga qarab tura olmayman. Hayotdan zavq olishi kerak bo‘lgan g‘amgin insonlarga ham qaray olmayman”, — dedi Jeki Chan.

Foto: People

Xitoyning Vashingtondagi elchisi Suy Tyankay yangi turdagi koronavirus biologik qurollar ishlab chiqarish yo‘lida paydo bo‘lganligi haqidagi barcha farazlarni “mutlaqo ahmoqona” deb atadi. “Gumon, mish-mishlarni qo‘zg‘atish hamda ularni odamlar orasida tarqatish juda zararli va xavflidir. Birinchidan, bu vahima uyg‘otadi. Bundan tashqari, irqiy kamsitishlarga olib kelishi, birgalikda virusga qarshi kurash yo‘lida olib borayotgan hamkorligimizga putur yetkazishi mumkin”, — deydi diplomat. Elchining ta’kidlashicha, koronavirusning paydo bo‘lish sabablari hamon noma’lumligicha qolmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, virus hayvonlardan tarqalgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adan Gebreyesus koronavirusga qarshi kurashda niqoblardan oqilona foydalanishga chaqirdi. Tashkilot himoya vositalariga talab 100 baravar, uning narxi esa 20 baravar oshishini taxmin qilmoqda.

Shuningdek, Tedros Adanom Gebreyesus Twitter’dagi sahifasida yangi koronavirusning tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat mutaxassislar hozirgi kunda taxmin qilayotganidanda jiddiyroq bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Xitoyda bo‘lmagan kishilar tomonidan virusning yangi turini yuqtirish holatlari qayd etilgan. Bu holatlar yuqumli kasallik boshqa mamlakatlarda ham keng tarqalishi mumkinligidan dalolat beradi. “Qisqacha aytganda, biz aysbergning uchini ko‘rib turibmiz”, — deydi Gebreyesus.

Kanadaning ustki kiyim va kurtkalar ishlab chiqaruvchi Canada Goose kompaniyasi aksiyalari qiymati oxirgi savdolar choragida 4,38 foizga tushib ketishi oqibatida kompaniya direktori Dani Reyssning mol-mulki 1,3 milliard dollardan 874 million dollargacha tushdi. Kompaniya Xitoyda avj olgan koronavirus xarid qobiliyati pasayashi, Xitoy, Shimoliy Amerika va Yevropadagi chakana do‘konlar zarar ko‘rishi, onlayn-sotuv hajmi qisqarishiga ta’sir ko‘rsatishini bildirgandi.

Foto: “TASS”

Ma’lum qilinishicha, 421 ta kompaniya shu yilning birinchi choragidagi daromadlari to‘g‘risidagi hisobotlarida Xitoyda tarqalgan koronavirus moliyaviy natijalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini bildirgan. Bu kompaniyalarning 394 tasi AQShda joylashgan. Virusning biznesga salbiy ta’siri haqida KFC, Pizza Hut va Taco Bell kabi brendlar qarashli restoranlar, Louis Vuitton Moët Hennessy (LVMH), Capri Holdings va Estee Lauder kabi kompaniyalar, Apple, Nike, Starbucks, McDonald’s kabi yirik kompaniyalar ham ma’lum qilgan.

Rossiyaning Chelyabinsk viloyati Roshino qishlog‘i aholisi Xitoydan kelayotgan odamlar uchun karantin markazi tashkil qilingan dam olish oromgohiga olib boradigan yo‘llarni yopib qo‘ydi. Ular ichida ikki nafar XXR fuqarosi bo‘lgan tez tibbiy yordam mashinasini markazga o‘tkazmagan“Olti nafar xitoylik bu yerdan olib ketilmasa, biz sizlarni o‘tkazmaymiz! Shu yerda kunu tun navbatchilik qilamiz. Axir biz bu yerda yashaymiz!” — deya baqirgan qishloqda yashovchi fuqarolar.

Foto: Global Look Press

Xitoydagi yirik aviakompaniyalar ommaviy ravishda xorijlik uchuvchilarni ishdan bo‘shatmoqda. Gap to‘lovsiz majburiy turib qolish va muddatidan oldin shartnomalarning bekor qilinishi haqida ketmoqda.

AQSh Xitoy va koronavirus qayd etilgan boshqa mamlakatlarga kasallikka qarshi kurashish uchun 100 million dollar yo‘naltiradi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo ma’lum qildi“Amerika xususiy sektorlari tomonidan xayr-ehson qilingan yuz millionlab dollar AQSh rahbariyatining infeksiyaga qarshi kurashish yo‘lidagi majburiyatini namoyon etadi”, — deydi Pompeo.

Foto: China Daily

Xitoy yangi turdagi koronavirus 2019-nCoV keltirib chiqaruvchi pnevmoniyani vaqtincha NCP deb nomladi. Ammo Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotida hozircha unga xalqaro nom berilmagan“Yangi turdagi kasallikka vaqtincha ‘yangi turdagi koronavirus keltirib chiqaruvchi zotiljam’ nomini berishga qaror qilindi. Uning ingliz tilidagi nomlanishi Novel Coronavirus Pneumonia bo‘lib, qisqartmasi NCP shaklida”, — deyiladi Xitoy sog‘liqni saqlash komissiyasi bayonotida.

Foto: BigPicture

Xitoyning Uxan shahrida koronavirusga qarshi kurash davom etmoqda. Tibbiyot xodimlari tunu kun ishlamoqda. Tibbiyot xodimlarining ish vaqtidan keyingi ko‘rinishi aks etgan suratlar e’lon qilindi.