Xitoyda yangi turdagi koronavirus qurbonlari soni 908 kishiga yetdi. Bu haqda Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi axborotida so‘z boradi. Kuni kecha mamlakatda yangi kasallik oqibatida 811 kishi vafot etgani ma’lum qilingan edi.

Foto: EPA

Mamlakat bo‘ylab olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda yangi koronavirus bilan kasallanish bilan bog‘liq 40 171 holat qayd etilgan — 35 982 kishi hozirda davolanishda, shundan 6 484 kishining ahvoli og‘ir, yana 3 281 kishiga shifoxonadan javob berilgan.

Bundan tashqari, Gonkongda 36 ta kasallanish holati qayd etilgan (bir kishi vafot etgan), Makaoda 10 nafar bemor aniqlangan va hozirgacha ulardan biriga uyiga javob berilgan, Tayvanda esa 18 kishi kasallangan (u yerda ham bir kishiga javob berilgan).

Londondagi Gigiyena va tropik kasalliklar tadqiqoti maktabi olimlarining fikricha, fevral oyining ikkinchi yarmida virusning tarqalishi o‘zining cho‘qqisiga chiqadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adan Gebreyesus koronavirusga qarshi kurashda niqoblardan oqilona foydalanishga chaqirdi. Tashkilot himoya vositalariga talab 100 baravar, uning narxi esa 20 baravar oshishini taxmin qilmoqda.