Xitoyning Vashingtondagi elchisi Suy Tyankay yangi turdagi koronavirus biologik qurollar ishlab chiqarish yo‘lida paydo bo‘lganligi haqidagi barcha farazlarni “mutlaqo ahmoqona” deb atadi. Bu haqda CBS News telekanali xabar berdi.

Foto: News.CN

“Gumon, mish-mishlarni qo‘zg‘atish hamda ularni odamlar orasida tarqatish juda zararli va xavflidir. Birinchidan, bu vahima uyg‘otadi. Bundan tashqari, irqiy kamsitishlarga olib kelishi, birgalikda virusga qarshi kurash yo‘lida olib borayotgan hamkorligimizga putur yetkazishi mumkin”, — deydi diplomat. Shu bilan birga, Suy Tyankay yangi turdagi koronavirus Xitoy yoki AQShdagi harbiy laboratoriyadagi yaratilgani haqidagi farazlarni “ahmoqona” deb atagan.

Elchining ta’kidlashicha, yangi turdagi koronavirusning paydo bo‘lish sabablari hamon noma’lumligicha qolmoqda, biroq turli davlat olimlar buning ustida ish olib bormoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, virus hayvonlardan tarqalgan.

Shu orqali Suy Tyankay “Uxanda dunyodagi eng xavfli patogen mikroorganizmlar, shu jumladan, koronavirus bilan ishlaydigan Xitoydagi yagona to‘rtinchi darajali bioxavfsizlik super laboratoriyasi mavjudligi” haqida gapirgan respublikachi senator Tom Kottonga javob qaytargan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda yangi turdagi koronavirus qurbonlari soni 908 kishiga yetgan. Hozirga qadar Xitoy koronavirusga qarshi kurash uchun 10 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflab yubordi.