Xitoyda tarqalgan yangi turdagi koronavirus qurbonlari soni bir oy ichida 2012-yilgi Yaqin Sharq respirator sindromi (MERS-CoV) oqibatida halok bo‘lganlar sonidan oshib ketdi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.

Foto: Reuters

9-fevral ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy hududida koronavirus oqibatida vafot etganlar soni 908 kishiga yetgan, shuningdek, Gonkong va Filippinda koronavirus sabab yana ikki kishi o‘lgan. Bundan bir hafta oldin koronavirus oqibatida vafot etganlar soni 2002—2003-yillarda atipik pnevmoniyadan vafot etganlar sonidan oshib ketgan edi.

MERS koronavirusi birinchi bor 2012-yili Saudiya Arabistonida qayd etilgan. 2012-yilning sentabridan boshlab dunyoning 27 mamlakatida jami 2494 kishi virus bilan kasallangan va ularning 858 nafari vafot etgan. MERS bilan kasallanish bo‘yicha so‘nggi holat joriy yilning yanvarida Saudiya Arabistonida qayd etilgan edi.

Shu bilan birga Xitoy va JSST mutaxassislari SARS hamda MERS hozirgi koronavirusdan ko‘ra ancha xavfliroq bo‘lganligini ta’kidlashmoqda. Chunki SARS’da o‘lim holati 9,56 foizni, MERS’da — 34,4 foizni tashkil etgan. Yangi koronavirusda esa ushbu ko‘rsatkich 2,2 foizdan biroz yuqori.