Asli o‘zbekistonlik bo‘lgan biznesmen Alisher Usmonov Lozannadagi Olimpiya muzeyiga Pyer de Kubertenning Olimpiyada o‘yinlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi chaqiruvlari bitilgan original manifestini sovg‘a qildi. Bu haqda Rossiya Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.

Foto: IOC

2019-yilda manifest Sotheby’s auksionida noma’lum xaridorga 8,8 million dollar evaziga sotilgan edi.

MOQ rahbari Tomas Bax hujjatning sovg‘a qilinishini “tarixiy lahza” deb atadi. Usmonov esa o‘z navbatida Olimpiya muzeyi — “bebaho qo‘lyozma uchun eng maqbul joy” ekanligini ta’kidlagan.

Manifest 1889-yilda yozilgan. 14 varoqdan iborat qo‘lyozmaga zamonaviy Olimpiyada o‘yinlari asoslari yozilgan bo‘lib, aynan ushbu hujjatda “xalqlar o‘rtasidagi kurash faqat sportda bo‘lishi kerak”ligi yozilgan.

Pyer de Kuberten — fransiyalik sport va jamoat arbobi, tarixchi, pedagog, adabiyotshunos. Zamonaviy Olimpiyada o‘yinlari tashabbuskori. 26 yil davomida Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga prezidentlik qilgan.