Bugun, 11-fevral — Xalqaro ilm-fandagi xotin va qizlar kuni. Ushbu kun, BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasiga binoan, 2016-yildan beri nishonlanadi. Bundan ko‘zlangan maqsad ayollarning ilm-fandagi salohiyatiga e’tibor qaratish va qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Foto: Google Images

Tarixiy dalillar ilm-fanning rivojlanishi, tadqiqotchining qaysi jins vakili ekaniga bog‘liq emasligini isbotlaydi. Olamshumul kashfiyot va ixtiro egalari kim bo‘lishi emas, tadqiqot kelajak uchun qanchalik ahamiyatli va zarur ekani muhim sanaladi. Bugungi kunda ilm-fanga o‘z hissasini qo‘shgan va qo‘shayotgan ayol tadqiqotchilarning ayrimlari haqida ma’lumot beramiz.

Gipatiya Aleksandriyskaya

Foto: Google Images/“Gipatiya” filmidan

Taxminan 335—405-yillarda yashagan Gipatiya iskandariyalik matematik Teonning qizi, dunyodagi birinchi ayol astronom, faylasuf va matematikdir. U o‘z davrida juda mashhur bo‘lgan va zamondoshlarining cheksiz hurmatiga sazovor bo‘lgan. Gipatiya Aleksandriyskaya zamonasining eng yaxshi olim ayollaridan biri sanaladi. Onasi uni dunyoga keltirish jarayonida olamdan o‘tgan, otasi qizini o‘zi tarbiyalab, o‘qimishli bo‘lishiga sababchi bo‘lgan. Teon matematik bo‘lgan va astronomiyaga tegishli masalalar yuzasidan yangi matematik yechish usullarini ishlab chiqqan. Qizi otasining ba’zi hisob-kitoblarini mukammallashtirib, ayrimlariga tuzatishlar kiritgan. Gipatiya asosan astronomik jadvalni hisoblash bilan shug‘ullangan hamda Ptolomeyning “Almagest”, Apolloniyning “Konus kesimlari” hamda Diofantning “Arifmetika” asarlariga sharh yozgan. Aleksandriya maktabida ma’ruza o‘qigan Gipatiyadan ta’lim olish uchun turli mamlakatlardan talabalar tashrif buyurgani manbalarda qayd qilinadi. Gipatiya ayollar ilm-fanda faol bo‘lishi va muvaffaqiyatga erishishining isboti sanalishini tarixiy voqelik asosida suratga olingan filmdan ham bilish mumkin.

Mariya Kyuri

Foto: Google Images

1867—1934-yillarda yashagan Mariya Kyuri Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan birinchi ayol hisoblanadi. U turmush o‘rtog‘i Pyer Kyuri bilan birgalikda radioaktivlik hodisasini kashf qilgan va ikki karra Nobel mukofoti laureati bo‘lgan. Juftlik ilmiy-tadqiqot yo‘lida o‘z hayotini xavfga qo‘yib, o‘z tanasida tajribalar o‘tkazgan. Hatto Pyerning bevaqt o‘limi ham Mariyani to‘xtatmagan. U Birinchi jahon urushi yillarida ilmiy izlanishlari natijasi o‘laroq, jarohatlangan, yaralangan va betoblarni davolashga muvaffaq bo‘lgan. Odamlar hayotini saqlab qolishga umrini bag‘ishlagan Mariya onkologik kasallikdan vafot etgan. Qizi Iren ota-onasining tadqiqotlarini davom ettirgan va u ham fizika bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan.

Rozalind Franklin

Foto: Google Images

DNK o‘rganilishi haqida gap ketganda, bir necha olimlar, xususan, Frensis Krik, Jeyms Uotson nomi tilga olinadi, ammo zamonasidagi olimlardan ko‘ra, to‘g‘ri uslubda o‘rgangan Rozalind Franklin ko‘pincha yoddan chiqariladi. Biofizik Rozalind 1920—1958-yillarda yashagan. O‘sha davrda bir qancha olimlar DNK bo‘yicha tadqiqot olib borgan, biroq birgina Rozalind DNK tolasi orqali rentgen nurining tarqalish manzarasi suratini olgan va tahlil qilgan. Shuningdek, DNKning ikki tomonlama spiralini aniqlagan. Franklin xonimning tayyor shpargalkasi hamkasbi Frensis va Jeyms qo‘liga tushib qolgan va ular DNK strukturasi rentgenogrammasining mohiyatini aniqlagan. Rozalind 37 yoshida saraton tufayli vafot etgan, oradan 4 yil o‘tib esa Krik va Uotson DNK strukturasini muvaffaqiyatli modellashtirganliklari uchun Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan.

Xedi Lamarr

Foto: Google Images

1914­—2000-yillarda yashagan ushbu go‘zal aktrisa, ayolda chiroy, iste’dod va aql mujassam bo‘lishi mumkinligining isbotidir. O‘z zamonasida Xedini Yevropaning eng go‘zal ayoli deb atashgan va uning matematik qobilyatidan lol qolishgan. Xedining kompozitor Jorj Anteyl bilan birgalikdagi ixtirosi bugungi kunda mobil telefonlarda, Wi-Fi va GPS’da ishlatiladi.

Kara Deydra Makkalou

Foto: Google Images

1991-yilda tavallud topgan, 2017-yilda AQShda bo‘lib o‘tgan go‘zallik tanlovi g‘olibi Kara Deydra Makkalou zamonaviy qizlar ham ilm-fanda ham yetakchi bo‘lishi mumkinligini isbotladi. Kara yadro-fizika bo‘yicha mutaxassis hisoblanadi va bugungi kunda AQSh Yadroni tartibga solish komissiyasida faoliyat yuritadi. Makkalou Janubiy Karolina universitetida radiokimyo bo‘yicha bakalavrni tamomlagan. Talabalik davridayoq Amerika kimyo jamiyati, shuningdek, Health Physics Society hamda “Oltin kalit” xayriya fondining a’zosi hisoblanadi.