Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Jambil viloyatida sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklardan so‘ng, viloyat hokimi Asqar Mirzaxmetovni iste’foga chiqardi, deb xabar beradi Tengrinews.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

Viloyatning yangi hokimi etib Berdibek Saparbayev tayinlangan. U 2019-yilning avgustidan buyon bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Shuningdek, Jambil viloyati politsiya rahbari Arman Orazaliyev ham iste’foga chiqarilgan. Viloyat politsiya departamentiga rahbar etib Qozog‘iston ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Janat Suleymenov tayinlangan.

Avvalroq To‘qayev Jambil viloyati hokimi Asqar Mirzaxmetovga ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sulushash Qurmanbekovani hamda Qo‘rday tumani hokimi Bo‘latbek Baytoleni ish faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun bo‘shatishni buyurgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 7-fevral kuni Jambil viloyati Masanchi qishlog‘idagi mahalliy aholi o‘rtasida kelib chiqqan mojaro oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan va 40 dan ortiq fuqaro jarohatlangan edi.