Qozog‘iston janubidagi ommaviy tartibsizlik ro‘y bergan viloyatda vaziyat barqaror. Bu haqda Jambil viloyati hokimi Berdibek Saparbayev ma’lum qildi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.

Foto: RT

Eslatib o‘tamiz, 7-fevral kuni Jambil viloyati Qo‘rday tumani Masanchi qishlog‘idagi mahalliy aholi o‘rtasida ommaviy janjal kelib chiqqan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘n kishi halok bo‘lgan, janjalning 50 ga yaqin ishtirokchisi qo‘lga olingan. Yong‘in oqibatida 25 ta xususiy uy, 31 ta tijoriy obyekt va 41 ta avtomobilga zarar yetgan.

Mamlakat Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro qozoqlar va dunganlar o‘rtasida kelib chiqqan. Barchasiga mahalliy dunganlarning qozoq erkakni kaltaklashi sabab bo‘lgan.

“Hozirda Jambil viloyatidagi Qo‘rday tumanida vaziyat barqaror. Barcha huquq-tartibot organlari mahalliy ijro organlari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda”, — deydi Saparbayev.

Uning ta’kidlashicha, mojarodan so‘ng besh kun ichida 19 nafar politsiya xodimi shifokorga murojaat qilgan. “Halok bo‘lganlarning oilasiga yordam ko‘rsatilmoqda. Komissiya a’zolari mamlakat rahbari nomidan hamdardlik bildirmoqda”, — deydi viloyat hokimi.

Avvalroq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qo‘rday tumanidagi ommaviy janjaldan so‘ng bir necha mansabdorni ishdan bo‘shatgani haqida xabar berilgandi.