XXR raisi Si Szinpin koronavirus tarqalishi sharoitida aholi turmush sharoitlarini yaxshilash va bandligini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratish, eng avvalo odamlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatilishiga yo‘l qo‘ymaslik lozimligini ta’kidladi.

Foto: France 24

“Iste’molni barqarorlashtirish, onlayn-iste’mol sohasini rivojlantirish. Turli tashkilot va sanoat korxonalarining qayta ish boshlashini faollashtirish, epidemiya ta’sir ko‘rsatgan katta korxonalarga eng avvalo moddiy va kadrlar nuqtayi nazaridan zaruriy ko‘mak berish, ularning qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga yordam qilish kerak”, – deyiladi “RIA Novosti” iqtibos keltirgan bayonotda.

Xitoy davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, epidemik vaziyat og‘irlashgani sayin aholi himoyasi va turmush sharoitini yaxshilash, xususan bandlikni ta’minlash va ommaviy ishdan bo‘shatishlarni oldini olishga kuchli e’tibor qaratish zarur.

Xitoy hukumati 2019-yil 31-dekabrda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga Xubey viloyatining Uxan shahrida noma’lum virus tarqalganini xabar qilgan. Keyinchalik mutaxassislar tomonidan kasallik tarqatuvchisining 2019-nCoV koronavirusi ekanligini ma’lum qilgan. 10-fevral holatiga ko‘ra, Xitoyning o‘zida 908 nafar odam ushbu kasallik tufayli vafot etgan, ular orasida ikki nafar xorijlik ham bor, virusga chalinganlik holati 40,1 ming nafar odamda kuzatilgan.

Xitoy raisi ushbu bayonotida hukumatning barcha darajadagi rahbarlari tibbiyot xodimlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi, ularga muammolarni hal etishda yordam qilishi, shifokorlar xavfsizligini ta’minlashi zarurligi haqida ham fikr bildirgan. Shuningdek, hukumat va partiya organlari mamlakatdagi epidemik vaziyatning iqtisodiyotga ta’sirini kamaytirish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish uchun barcha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirishi lozimligini ta’kidlagan.