XXR raisi Si Szinpin Xitoy hukumat va partiya organlari mamlakatdagi epidemik vaziyatning iqtisodiyotga ta’sirini kamaytirish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish uchun barcha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirishi lozimligini ta’kidladi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar tarqatgan.

XXR raisi Si Szinpin

Foto: Reuters

“Iqtisodiyotimizning uzoq kelajakdagi taraqqiyoti o‘zgarmasligiga ishonchni yanada mustahkamlash lozim. Epidemiyaning iqtisodiyotga ta’siri vaqtinchalik, muammolardan cho‘chimaslik kerak”, – deyiladi XXR raisining bayonotida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy faoliyatni tartibga solish zarur, bu orqali epidemik vaziyatning iqtisodiyotga ta’sirini tahlil qilish, uni kamaytirish va joriy yil uchun ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot maqsadlarini belgilab olish kerak.

Shuningdek, Xitoy rahbari boshlangan loyihalarni davom ettirish va yangilarini ishga tushirishga bor imkoniyatlarni safarbar qilish lozimligini qayd etdi.

Xitoy hukumati 2019-yil 31-dekabrda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga Xubey viloyatining Uxan shahrida noma’lum virus tarqalganini xabar qilgan. Keyinchalik mutaxassislar tomonidan kasallik tarqatuvchisining 2019-nCoV koronavirusi ekanligini ma’lum qilgan. 10-fevral holatiga Xitoyning o‘zida 908 nafar odam ushbu kasallik tufayli vafot etgan, ular orasida ikki nafar xorijlik ham bor, virusga chalinganlik holati 40,1 ming nafar odamda kuzatilgan.

Xitoy raisi ushbu bayonotida hukumatning barcha darajadagi rahbarlari tibbiyot xodimlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi, ularga muammolarni hal etishda yordam qilishi, shifokorlar xavfsizligini ta’minlashi zarurligi haqida ham fikr bildirgan.