Xitoydagi asosiy sanoat tarmoqlari bo‘yicha korxonalar koronavirus tarqalishi sharoitida ishlab chiqarishni davom ettirishni boshladi, biroq hali ham ularning ishini qiyinlashtiruvchi muammolar mavjud. “RIA Novosti”ning xabar berishicha, bu haqda Xitoy taraqqiyot va islohotlar bo‘yicha milliy komissiyasi vakili Sun Lyan ma’lum qildi.

Foto: AP

“Mamlakatdagi umumiy vaziyatdan kelib chiqsak, Xubey provinsiyasidan tashqari barcha joylarda ishlab chiqarish, ayniqsa, tibbiyot va oziq-ovqat mahsulotlari, energetika, transport va logistika kabi asosiy ishlab chiqarish sohalari o‘z faoliyatini asta-sekin tiklamoqda”, — degan Sun Lyan.

Uning aytishicha, 10-fevral holatiga ko‘ra mamlakatning 22 hududida himoya niqoblarini ishlab chiqaruvchi korxonalar ishlab chiqarishni 76 foizga, himoya kiyimlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar — 77 foizga, don yetishtirish va uni qayta ishlash korxonalari — 94,6 foizga tiklashga erishdi.

Ko‘mir konlarida ishlab chiqarish 57,8 foizga qayta tiklangani, elektr energiyasi, tabiiy gaz yetarli miqdorda yetkazib berilayotgani, temir yo‘l, aviatsiya va suv transporti aloqalari yaxshi ishlayotganini ham ta’kidlagan.

Shu bilan birga, ishlab chiqarishni to‘liq miqyosda qayta tiklashda ishchi kuchi yetishmasligi, ayrim joylarda ish vaqti boshlanishi chegaralangani, kasallik tarqalishining oldini olish uchun profilaktika tovarlari yetishmasligi kabi bir qator muammolarga duch kelishini juda yaxshi tushunishini aytib o‘tgan.

Xitoy sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi bergan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda koronavirus oqibatida vafot etganlar soni ming kishidan oshib ketdi.