Chita shahridagi Krayevoy yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokorlari COVID-19 koronavirusi bilan kasallangan Xitoy fuqarosiga javob berdi, deb xabar qiladi “RBK”.

Foto: “RIA Novosti”

“Bemor 26-yanvardan buyon davolanishda edi. U mavjud standart va tartibga ko‘ra barcha zaruriy diagnostika hamda muolajalarni oldi. Bugun unga javob berildi”, — deydi bosh shifokor Sergey Yurchuk.

Avvalroq ushbu Xitoy fuqarosi Chita shifoxonasidagi sharoitdan noligan edi: erkakni shifokorlar o‘zi va oila a’zolarining tashxisini tasdiqlamagani qoniqtirmagan. Yurchukning tasdiqlashicha, xitoylikka barcha zaruriy yordam ko‘rsatilgan. Erkakning oilasi (turmush o‘rtog‘i va qizi) 14-fevralga qadar shifoxonada qoladi.

Eslatib o‘tamiz, 11-fevral kuni Tyumendagi shifoxonada ham koronavirusga chalingan xitoylik talaba qizga javob berilgandi.

2020-yil 12-fevral holatiga ko‘ra, Xitoyda koronavirus oqibatida vafot etganlar soni 1110 kishidan oshib ketgan, mamlakat hududida 44 653 kishida kasallik holati qayd etilgan. 37 726 kishi hozirda davolanishda bo‘lib, ulardan 8204 nafarining ahvoli og‘ir. Jami 4740 kishi kasallikdan davolanib, tibbiyot muassasasidan uyiga javob berib yuborilgan.