Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus Xitoyda yangi turdagi koronavirus bilan kasallanganlar soni barqaror ravishda kamaygani va har kuni bir xil darajada turganini ma’lum qildi. Tedros Gebreyesusga ko‘ra, Xitoydan tashqarida qayd etilgan 48 ta holatning 40 tasi Yaponiyadagi Diamond Princess sayohat kemasi hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu yaxshi xabar!

Xitoy koronovirusi

Yangi turdagi koronavirus o‘chog‘i hisoblangan Xitoyning Xubey provinsiyasida so‘nggi bir sutka davomida COVID-19 infeksiyasi asoratlaridan 242 kishi vafot etdi, deb xabar berdi Xitoy hududiy gigiyena va sog‘liqni saqlash qo‘mitasi. Umumiy hisobda provinsiyada 1310 ta o‘lim holati qayd etilgan. Koronavirus infeksiyasi bilan bir sutka ichida Xubeyda 14 840 ta yangi kasallanish holati qayd etilgan. 13-fevral tongi holatiga ko‘ra, COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan jami 48 206 kishini ro‘yxatga olingan. Epidemiya boshlanganidan beri 3 441 nafar bemor davolanib, uyiga javob berilgan — so‘nggi bir sutka davomida davolanib bo‘lganlar soni 802 kishiga ko‘paygan. Hozirda 33 693 kishi hali ham davolanishda qolmoqda, ulardan 5 647 nafarining ahvoli juda og‘ir.

Foto: Reuters

Xitoyning Xubey provinsiyasida koronavirusdan halok bo‘lganlar va yuqtirganlar soni keskin oshib ketishi endilikda ushbu infeksiyani yuqtirganlarning umumiy soniga yangi tasnif bo‘yicha tashxis qo‘yilganlar ham kiritilishi bilan izohlanadi.

Bemorlar soni bilan bog‘liq statistikadagi keskin o‘sish kasallik bo‘yicha tashxis qo‘yish metodikasining o‘zgarishi bilan bog‘liq. Bundan buyon kasallangan bemorlar soni faqat kompyuter tomografiyasi ma’lumotlari asosida, boshqa tekshiruvlar natijalarini kutmasdan turib kiritib boriladi.

Shifokorlarning ta’kidlashicha, bu bemorlarni kasallikning erta bosqichida davolab borish imkonini beradi. Ma’lumot uchun, Xitoy bo‘yicha kasallanganlar soni salkam 60 ming kishiga yetgan, qurbonlar soni 1,3 ming kishidan oshib ketgan. 5,6 mingdan ziyod bemor esa kasallikdan tuzalishga muvaffaq bo‘lgan.

Xitoyning Uxan shahriga yana 2600 nafar tibbiyot xodimi yuborildi. Bu qarorni Xitoy raisi va mamlakat markaziy harbiy kengashi rahbari Si Szinpin qo‘llab-quvvatlagan. Shifokor va sanitarlar bemorlarni davolash chora-tadbirlarini tashkil etish bilan shug‘ullanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus Jenevada o‘tkazilgan brifing davomida so‘nggi haftada Xitoyda yangi turdagi koronavirus bilan kasallanganlar soni barqaror ravishda kamaygani va har kuni bir xil darajada turganini ma’lum qildi“Biroq bu ma’lumotlarni juda ehtiyotkorlik bilan talqin qilish kerak”, — deyiladi JSST rasmiy saytida. Gebreyesusning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda kasallikning rivojlanishi statistikani ham yaxshi, ham yomon tarafga o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Foto: Reuters

Gonkong rasmiylari koronavirus kanalizatsiya quvurlari orqali ham tarqalishi mumkinligini taxmin qildi. Ushbu taxmin Xitoyga safar qilmagan va bemorlar bilan muloqotda bo‘lmagan ayol koronavirusni yuqtirib olganidan so‘ng paydo bo‘lgan. Qayd etilishicha, bir hafta avval ayolning 75 yoshli qo‘shnisi COVID-19 virusi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Ayol bu qo‘shnisi bilan hech ko‘rishmagan, ammo ularning xonadonlari umumiy kanalizatsiya quvuri bilan bir-biriga ulangan bo‘lgan.

Shuningdek, Gonkong hukumati koronavirus tarqalishi sababli maktab ta’tilini 16-martgacha uzaytirishga qaror qildi.

Yaponiyada karantinga olingan Diamond Princess sayohat kemasida koronavirusni yuqtirgan yo‘lovchilar soni 44 nafarga ko‘payib, 218 kishiga yetdi. Koronavirusni yuqtirganlarning 43 nafari yo‘lovchilar, bir nafari esa ekipaj a’zosi.  Avvalroq kemadagi koronavirusni yuqtirganlar soni 174 kishiga yetgani haqida xabar berilgan edi.

London shahrida COVID-19 koronavirusi bilan kasallangan birinchi bemor qayd etildi. Avvalroq Bavariya Sog‘liqni saqlash vazirligi Germaniyada koronavirusni yuqtirganlar soni 16 kishiga yetgani haqida xabar bergandi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh ijrochi direktori Sumiya Svaminatan COVID-19 koronavirusiga qarshi vaksinalarni insonda sinovdan o‘tkazish to‘rt-besh oydan so‘ng boshlanishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda yangi virusga qarshi bir nechta vaksina yaratilmoqda. “Ulardan biri sinov uchun taxminan to‘rt yoki besh oydan so‘ng tanlab olinadi”, — deydi Svaminatan.

Jahon mobil kongressi (Mobile World Congress, MWC) tashkilotchisi hisoblangan GSMA assotsiatsiyasi fevral oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbir bekor qilinganini ma’lum qildiKo‘rgazmaning bekor qilinishiga Xitoyda tarqalgan koronavirus epidemiyasi sabab bo‘ldi.

O‘zbekistonda epidemiologik holat yuz berganda dori vositalarining Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasdan olib kirilishiga ruxsat berilishi mumkin. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bu haqda qonun loyihasiga tegishli o‘zgartirish kiritildi va deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Sanitariya–epidemiologik osoyishtalik agentligi virusologiya laboratoriyasida 12-fevral kunigacha 834 ta namuna koronavirus infeksiyasiga tekshirilib, ushbu namunalarda koronavirus infeksiyasi topilmaganini ma’lum qildi.

Boshqa yangiliklar ham bormi? Bor!

Sirdaryoda 750 dollarga dron sotmoqchi bo‘lgan shaxsga jinoiy ish qo‘zg‘atildiDenovda juda ko‘p miqdordagi alkogol mahsulotlarini talon-toroj qilish holati fosh etildiQozog‘istonda 20 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan avtobus sovuqda qolib ketgani yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi. Toshkent va yana 2 ta viloyatda rejadan tashqari qizamiqqa qarshi emlash kunlari o‘tkazilmoqdaO‘zbekistonda 5 ta yangi aviakompaniya qanday tashkil etilishi ma’lum qilindi. O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga Rossiyadan to‘rtta Mi-35M vertolyotlari olib kelindi. Uzbekistan Airways esa o‘z xodimlarining formasini 15 yil deganda birinchi marta o‘zgartirdi (rasmlari mana bu yerda).

Toshkent shahar bojxona tizimida 10 nafar rahbar xodim ishdan olindi, Toshkent viloyatida ichki ishlar tizimida esa ikki rahbar xodim ishdan bo‘shatildi.

Foto: Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati

Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi Bo‘rijar kanalida noma’lum ayolning jasadi topildi. Toshkent shahar prokuraturasi mazkur holat bo‘yicha “Daryo”ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, uch kun avval ayolning akasi onkologik kasallikdan vafot etgani va ayol bundan siqilib yurgani aniqlangan. Ayolning o‘zi 2019-yilning sentabr oyida Rossiya va Hindistonga borib, onkologik kasallik bo‘yicha davolanib kelgan.

Ahmadboy va uning jiyani iqrorlari. Ahmadboy “Bu o‘yinga kirganingizdan keyin chiqolmaysiz, bu qiyin narsa”, — desa, uning jiyani prokurorlarni “100 milliard so‘m pulni yo‘q qilish”da aybladi. Iqrorlar videosi mana bu yerda.

Foto: “Daryo”

“O‘zgidromet” 14-fevralda kutilayotgan ob-havo ma’lumotini e’lon qildi. Respublikada ob-havo yog‘ingarchiliksiz, biroq tumanli bo‘lishi kutilmoqda.

Jahonda nima gap?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Kongo demokratik respublikasi Ebola bezgagi avj olgani munosabati bu kasallik bilan bog‘liq favqulodda holatni uzaytirdiKasallik ommaviy tarqalishi bilan bog‘liq oxirgi holat 2018-yil avgustida qayd etilgandi. Shundan beri Kongoning isyonchi guruhlari faoliyat olib boradigan sharqiy qismida 2,3 mingdan ortiq odam o‘ldi.

Foto: AP

Nursulton Nazarboyevning nevarasi Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana so‘radi. U Rossiya va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasidagi korrupsiya va xalqdan o‘g‘irlangan milliardlab dollarlar haqidagi ma’lumotga egaligini bildirgan.

Migratsiya sababli Turkmaniston qishloqlarida faqat keksalar va maktab o‘quvchilari qolmoqda. Mehnatga layoqatli aholi vakillari esa pul topish uch chet elga, asosan, Turkiyaga ketgan.

12-fevral, chorshanba kuni, kechasi Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakat milliy xavfsizlik vaziri, general-mayor Yaylim Berdiyevni “boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan” lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Tadqiqotchilar “juda boy” odamlar qatoriga boyligi 5 milliondan 30 million dollargacha bo‘lgan odamlarni kiritib, ularning sonini ma’lum qildi. Xabarda aytilishicha, ularning soni 10 foizga oshgan.

Dunyoning eng badavlat kishisi Jeff Bezos Beverli-Xillzdan 165 million dollarlik hashamatli uy sotib oldi. Ma’lum qilinishicha, bu Los-Anjeles uchun rekord darajadagi oldi-sotdi bitimi hisoblanadi.

NATO davlatlari mudofaa vazirlari Iroqdagi missiyani kuchaytirish haqida kelishib oldi. NATO Iroqdan kontingentining bir qismini yanvar oyi boshida, AQSh aviazarbasi oqibatida Bag‘dodda eronlik general Qosim Sulaymoniy halok bo‘lganidan so‘ng olib chiqqandi.

Foto: Global Look Press

Yaponiyada yashovchi Titesu Vatanabe keksa insonlar orasida eng uzoq umr ko‘rayotgan erkak sifatida e’tirof qilindi. Otaxon jurnalistlar bilan suhbatda uzoq yashash sirlarini oshkor qildi. U ko‘proq tabassum qilish va bo‘lar-bo‘lmas narsaga asabiylashmaslik zarurligini ta’kidladi.