Dunyoning eng badavlat kishisi Jeff Bezos Beverli-Xillzdan 165 million dollarlik hashamatli uy sotib oldi, deb yozadi “RIA Novosti”.

Foto: “TASS”

Bezos uyni mediamagnat Devid Geffendan sotib olgan. Bu Los-Anjeles uchun rekord darajadagi oldi-sotdi bitimi hisoblanadi.

Qayd etilishicha, oldi-sotdi jarayonida ko‘chmas mulk agentlari ishtirok etmagan.

Warner Estate nomli qasr to‘qqiz akr maydonda joylashgan. U 1930-yilda Warner Bros kompaniyasi prezidenti Jek Uorner uchun loyihalashtirilgan. Bu yerda keng terrasalar, bog‘lar, bir necha mehmon uylari, tennis korti va golf maydoni joylashgan.

“Men bu nafaqat Los-Anjeles, balki butun dunyodagi eng chiroyli qasrlardan biri, deb ayta olaman”, — deydi mahalliy ko‘chmas mulk agentlaridan biri Kurt Rappaport.

Avvalroq Bezos Nyu-Yorkdan uchta kvartirani 80 million dollarga sotib olgandi.