Yangi turdagi koronavirus o‘chog‘i hisoblangan Xitoyning Xubey provinsiyasida so‘nggi bir sutka davomida COVID-19 infeksiyasi asoratlaridan 242 kishi vafot etdi. Bu haqda hududiy gigiyena va sog‘liqni saqlash qo‘mitasi ma’lum qildi.

Foto: Reuters

“Umumiy hisobda viloyatda 1310 ta o‘lim holati qayd etilgan, shundan 1036 tasi Uxan shahrida yuz bergan”, — deyiladi qo‘mita axborotida. Shunday qilib, Xubeyda koronavirusdan vafot etish holatlari to‘rtdan birga ko‘paygan. Avvalroq 12-fevral kuni viloyatda kasallikdan 1068 kishi vafot etgani haqida xabar berilgan edi.

Qo‘shimcha qilishlaricha, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ham keskin ko‘paygan — bir sutka ichida Xubeyda 14 840 ta yangi kasallanish holati qayd etilgan. Shundan 13 436 ta holat viloyat ma’muriy markazi hisoblangan Uxan shahriga to‘g‘ri keladi.

Umumiy hisobda shifokorlar 13-fevral tongi holatiga ko‘ra yangi turdagi koronavirus sabab COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan jami 48 206 kishini ro‘yxatga olgan.

Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasidan ma’lum qilishlaricha, bemorlar soni bilan bog‘liq statistikadagi keskin o‘sish kasallik bo‘yicha tashxis qo‘yish metodikasining o‘zgarishi bilan bog‘liq. Bundan buyon kasallangan bemorlar soni faqat kompyuter tomografiyasi ma’lumotlari asosida, boshqa tekshiruvlar natijalarini kutmasdan turib kiritib boriladi.

Shifokorlarning ta’kidlashicha, bu bemorlarni kasallikning erta bosqichida davolab borish imkonini beradi. Ma’lumot uchun, Xitoy bo‘yicha kasallanganlar soni salkam 60 ming kishiga yetgan, qurbonlar soni 1,3 ming kishidan oshib ketgan. 5,6 mingdan ziyod bemor esa kasallikdan tuzalishga muvaffaq bo‘lgan.

Ayni vaqtda epidemiya boshlanganidan beri 3 441 nafar bemor davolanib, uyiga javob berilgan — so‘nggi bir sutka davomida davolanib bo‘lganlar soni 802 kishiga ko‘paygan. Hozirda 33 693 kishi hali ham davolanishda qolmoqda, ulardan 5 647 nafarining ahvoli juda og‘ir.

Kuni kecha Gonkong rasmiylari koronavirus kanalizatsiya quvurlari orqali ham tarqalishi mumkinligini taxmin qildi. Ushbu taxmin Xitoyga safar qilmagan va bemorlar bilan muloqotda bo‘lmagan ayol koronavirusni yuqtirib olganidan so‘ng paydo bo‘lgan. Qayd etishlaricha, bir hafta avval ayolning 75 yoshli qo‘shnisi COVID-19 virusi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Ayol bu qo‘shnisi bilan hech ko‘rishmagan, ammo ularning xonadonlari umumiy kanalizatsiya quvuri bilan bir-biriga ulangan bo‘lgan.