O‘zbekiston 19—20-fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan “Uzbekistan Airports, Aviation & Logistics Forum” (UAALF — 2020) xalqaro aviatsiya forumida yo‘lovchi mintaqaviy aviatashuvlar bozorini rivojlantirish uchun yaqin va o‘rta masofaga uchadigan samolyotlarni sotib olish masalasini muhokama qiladi. Bu haqda 12-fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida transport vaziri Elyor G‘aniyev ma’lum qildi, deb xabar berdi “Gazeta.uz”.

Foto: Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi

G‘aniyevning ta’kidlashicha, bunday turdagi samolyotlar mintaqaviy aviatashuvlarni rivojlantirish uchun xarid qilinishi rejalashtirilmoqda.

“O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo hududlari o‘rtasidagi aviatashuvlarni tashkil etish uchun mo‘ljallangan yangi Humo Air aviakompaniyasi tashkil etilishi to‘g‘risida allaqachon e’lon qilindi”, — deydi transport vaziri.

Foto: “Gazeta.uz”

“Ushbu aviakompaniyani zaruriy texnikalar bilan ta’minlash uchun qator kompaniyalar, jumladan Rossiyaning Sukhoi va Braziliyaning Embraer kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilmoqda”, — deydi Elyor G‘aniyev.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov agar samolyotlar soni ko‘paytirilmasa, O‘zbekiston bozorni Qozog‘istonga boy berishi mumkinligini ma’lum qildi.

“O‘zbekiston aholisi 34 million kishi. Qozog‘istonda esa 18 million kishi yashaydi. Biroq Qozog‘istonda bugun 100 tadan ortiq samolyot bor, bizda esa 29 ta.

Biz 5 ta samolyotga buyurtma berib qo‘yganmiz. Qozog‘iston esa 58 ta samolyotga buyurtma bergan. Yaqin yillarda ularda salkam 160 ta samolyot bo‘ladi, shuning uchun biz aviaparkni kengaytirish haqida o‘ylashimiz kerak. Agar samolyotlarimiz sonini ko‘paytirmasak, bozorni qo‘ldan boy berishimiz mumkin”, — deydi u.

Bosh vazir o‘rinbosari so‘zlariga ko‘ra, kelgusi besh yil ichida Uzbekistan Airways aviakompaniyasini “eng yirik, kuchli, rivojlangan, eng ko‘p sonli samolyotlar, reyslar, mintaqadagi eng ko‘p yo‘lovchi tashuvchi kompaniyaga aylantirish” bo‘yicha ishlar olib boriladi.

Bundan tashqari, Uzbekistan Helicopters kompaniyasi turizm va biznes-xizmatlar ko‘rsatish sohasini rivojlantirish uchun g‘arbiy namunadagi yangi vertolyotlar sotib olish masalasi muhokama qilinishi kutilmoqda, dedi Elyor G‘aniyev.

Avvalroq Aziz Abduhakimov xorijiy sayyohlarga Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun umumiy viza joriy etishni ko‘zda tutuvchi Silk Road loyihasi 2020-yilning oxirigacha ishga tushirilishi mumkinligini aytgandi.