Farg‘ona viloyatida 14-fevral, juma kunidan tajriba tariqasida “Mehr” deb nomlangan loyihaga start berildi. Loyiha doirasida “yengil” qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan haydovchilarga jarima yozilmaydi. Bu haqda Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati

Ma’lum qilinishicha, bir hafta davomida viloyatning barcha shahar va tumanlarida “yengil” qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan haydovchilar YPX xodimlari tomonidan jarimaga tortilmaydi, ularga faqatgina ogohlantirish berish bilan kifoyalaniladi.

Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad — haydovchi va yo‘lovchilarning yo‘llarda harakatlanish madaniyatini yanada yuksaltirish, yo‘l qoidalariga amal qilish mas’uliyatini kuchaytirish va bu orqali yo‘llarda sodir bo‘ladigan mudhish holatlarga barham berishdan iborat.

Farg‘ona viloyati IIBda 14-fevral, juma kuni, ertalab tashkil etilgan tadbiroldi yo‘riqnomada rahbariyat tomonidan tadbirni samarali o‘tkazish bo‘yicha tegishli topshiriqlarni olgan yo‘l harakati xizmati inspektorlari o‘zlariga biriktirilgan hududlarga yo‘l olgan.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati

Hafta davomida yo‘llarda qoidabuzarliklar o‘rganilishi bilan birga ta’lim muassasalari, mahallalar va jamoat joylarida fuqarolar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, harakat ishtirokchilarining huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha profilaktik suhbatlar olib boriladi.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati

Avvalroq Farg‘ona viloyati ichki ishlar idoralari faoliyati respublika ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan edi. Ungacha esa viloyat IIBga Doniyor Toshxo‘jayev yangi rahbar etib tayinlangan edi. Shuningdek, viloyat IIBda “Harakatdagi ijtimoiy yordam ko‘rsatish markazi” tashkil etildi. Farg‘onalik qizlar profilaktika inspektori yordamchisi lavozimida ish boshladi.