Hindistonning Anxra-Pradesh shtatida yashovchi 50 yoshli erkak o‘ziga koronavirus yuqqanini taxmin qildi va oilasiga zarar yetkazmaslik uchun o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda Daily Mail xabar berdi.

Foto: Daily Mail

Fermer Bala Krishna tez-tez mobil telefonida koronavirusning tarqalishi haqidagi videolarni tomosha qilgan va bir kuni o‘zida shamollash alomatlarini sezgan. Bir necha kundan keyin u o‘ziga koronavirus tashxisini qo‘ygan va kasalxonaga murojaat qilgan. Kasalxonada unga isitma chiqaruvchi virus yuqqani aytilgan.

Hindistonda ushbu kasallik bilan bog‘liq uchta holat qayd etilgan va ularning hech biri Anxra-Pradesh shtatida bo‘lmagan. Shifokorlar erkakni unda koronavirus yo‘qligiga ishontirishga uringan, biroq u shifokorlarga ishonmagan.

9-fevral, yakshanba kuni, Krishna barcha oila a’zolarini undan uzoq turishi haqida ogohlantirgan. Oila a’zolari unga yaqinlashmoqchi bo‘lganida, erkak ularga tosh otgan.

Erkak 11-fevral, seshanba kuni, oilasini uyiga qamagan, mahalliy qabristonga borib, onasining qabri yonida o‘z joniga qasd qilgan.

Marhumning o‘g‘li aytishicha, agar kimdir o‘z vaqtida chora ko‘rganida otasi tirik qolgan bo‘lardi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u otasining ruhiy holati haqida ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilgan, ammo uning murojaati e’tiborsiz qoldirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Xitoyda koronavirusga chalinganlar soni 63 ming kishidan oshib ketdi. Koronavirus tarqalishidan eng ko‘p Yaponiyada xavotir olishayotgani ma’lum bo‘ldi. Mazkur mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq birinchi o‘lim holati kuzatildi.