Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudida viloyat IIB YHXB yo‘l-patrul xizmati sobiq inspektori Abduhalil Rasulovga (ism-shariflar shartli) oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda “Daryo”ga JIB shahar sudi sudyasi Nozimjon Ayubjonov ma’lum qildi.

Foto: JIB Namangan shahar sudi

Abduhalil Rasulov 2007-yildan boshlab ichki ishlar idoralarida turli lavozimlarda ishlab kelgan. 2018-yili Namangan viloyati IIB YHXB yo‘l-patrul xizmati inspektori vazifasiga ishga o‘tadi.

U 2019-yil avgust oyida fuqaro Rahimjon Sultonov boshqaruvidagi Spark rusumli avtomobilni Namangan shahridagi Yoshlar bog‘i oldida to‘xtatib, haydovchi mashinani sug‘urta polisisiz boshqarib, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganini aniqlaydi. Biroq unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmay, Sultonovning haydovchilik guvohnomasini o‘zi bilan olib qoladi. Kechki payt “uchrab ketishi”ni aytib, jo‘natib yuboradi.

Ammo Rahimjon Sultonov kechga yaqin kelmaydi. Abduhalil esa tanishi Akram Ziyodboyevdan olgan telefon apparatidan qolgan 270 ming so‘m qarzini uning hisobidan uzish maqsadida haydovchilik guvohnomasini Ziyodboyevga berib, ushbu hujjat egasi telefondan qolgan qarzni to‘lab, olib ketishini aytadi.

Abduhalil 2019-yil sentabr oyida Sultonov bilan Milliybank Namangan viloyati filiali binosi oldida ko‘rishadi. Ziyodboyevga uchrab, uning o‘rniga 270 ming so‘m qarzini to‘lab qo‘ysa, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmasligi va haydovchilik guvohnomasini telefon egasidan olib ketishi mumkinligini aytadi.

Shundan so‘ng Sultonov huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat qiladi. Uning arizasiga asosan, tezkor tadbir tashkillanadi. Ziyodboyev Abduhalilning ko‘rsatmasi bilan talab qilingan 270 ming so‘mni Rahimjon Sultonovdan avtomobillar yuvish shoxobchasi oldida olayotgan vaqtida ushlanadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi Abduhalil Rasulovni JKning 210-moddasi 1-qismi bandi bilan aybli deb topdi. Unga nisbatan 5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.