Butun Toshkent bo‘ylab O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash haqidagi so‘zlari va tadbirkorlar faoliyatiga aralashmaslik haqida “O‘zavtoyo‘l” davlat qo‘mitasiga qaratilgan chorlov aks etgan reklama bannerlari paydo bo‘ldi. O‘zbekiston kommunikatsion agentliklari assotsiatsiyasi (O‘KAA)ning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, bu fuqarolik pozitsiyasining ochiq-oshkora namoyon etilishidir.

Foto: Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi huzuridagi reklama bo‘yicha jamoatchilik kengashi/“Gazeta.uz”

Assotsiatsiya, shuningdek, bir qator tadbirkorlarning ma’lum qilishicha, qo‘mita poytaxtdagi tashqi reklama konstruksiyalarini “hech bir huquqiy asossiz” buzib tashlamoqda.

Foto: Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi huzuridagi reklama bo‘yicha jamoatchilik kengashi/“Gazeta.uz”

Toshkent ko‘chalarida paydo bo‘lgan yangi bannerlarda Prezidentning “Tadbirkorga teginish mumkin emas — bu taqiqlanadi! Tadbirkor bizni boqadi” degan so‘zlaridan iqtibos keltirilgan va “Har bir reklama vositasi — xususiy mulkdir!”, “‘O‘zavtoyo‘l’, tadbirkorlarga xalaqit qilmang!” degan yozuvlar bor.

“Daryo” tahririyatiga ham butun Toshkent bo‘ylab o‘rnatilgan shunday bilbordlarning 20 ga yaqin fotosuratlari kelib tushdi. O‘KAAning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, bu “O‘zavtoyo‘l”ning “Toshkent halqa avtomobil yo‘li yoqasiga o‘rnatilgan 600 ga yaqin tashqi reklama konstruksiyalarini demontaj qilish” haqidagi bayonotiga nisbatan javob munosabatidir.

Foto: Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi huzuridagi reklama bo‘yicha jamoatchilik kengashi/“Gazeta.uz”

“O‘KAA 2019-yil dekabri oxirida OAVga ‘O‘zavtoyo‘l’ nomidan harakat qilayotgan brigadalar tomonidan mulk huquqi qo‘pol ravishda buzilayotgani va lavozim vakolatlaridan chiqish holatlari qayd etilayotgani haqida press-reliz, shuningdek, foto va videodalillar taqdim etilgan edi. O‘shanda Toshkent—Samarqand yo‘lidagi O‘KAA a’zolariga tegishli o‘nlab reklama bilbordlari ‘O‘zavtoyo‘l’ nomidan harakat qilayotgan brigadalar tomonidan kesib ketilgan, demontaj qilingan yoki bo‘laklab, olib ketilgan edi”, — deyiladi assotsiatsiya xabarida.

O‘KAA raisi Alisher Najmitdinovning ta’kidlashicha, dekabrdagi hodisalar yuzasidan bir qator idoralarga murojaat qilinganidan so‘ng, jabrlanuvchilarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilgan.

“Biznes-ombudsmanning rolini alohida e’tirof etib o‘tish joiz: ko‘p jihatdan aynan uning sa’y-harakatlari bilan Yangi yil bayrami arafasida jiddiy muammoga duch kelgan O‘KAA a’zolarining huquqlarini tiklashga muvaffaq bo‘lindi”, — dedi u.

Foto: Olga Edgard/“Gazeta.uz”

O‘KAAning qayd etishicha, 10-fevral, dushanba kuni, reklama konstruksiyalarini yo‘q qilish ishlari huquq-tartibot organlari muhofazasidagi “O‘zavtoyo‘l” xodimlari tomonidan avvalgidan ham kuchliroq shiddatda qayta boshlangan; ular hujjatlarni ko‘rsatishni talab qilgan tadbirkorlarni qarshilik ko‘rsatish salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirgan.

“Umid qilamanki, joriy vaziyatga ham tegishli huquqiy baho beriladi, chunki sud qarorisiz qilinayotgan bunday harakatlarni o‘zboshimchalikdan boshqa narsa deb ta’riflab bo‘lmaydi. Reklama konstruksiyalarida davlat rahbarining so‘zlari orqali najot izlash — himoyaning eng an’anaviy usuli emas, biroq boshqa tomondan, chorasiz qolgan odamlarni nimadadir ayblash ham noo‘rin”, — dedi Alisher Najmitdinov.

“Kichik va o‘rta biznesning aktivlarini vayron qilish, yuzlab oilalarni daromad manbaidan ayirgan holda ish o‘rinlarini yo‘q qilish — ijtimoiy adolat o‘rnatishning maqbul yo‘li emas. Yuzaga kelgan vaziyatda murosaga kelish mumkin va shart, bunda bizning assotsiatsiyamiz jarayonni tartibga solish uchun moderator vazifasini bajarishga tayyor”, — deya qayd etdi u.

Demontaj, qayta tiklash va yana demontaj

Foto: Olga Edgard/“Gazeta.uz”

Respublika reklama sanoati assotsiatsiyasi ijrochi direktori Olga Edgardning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, “O‘zavtoyo‘l” davlat qo‘mitasi “noqonuniy demontaj” qilish holatlarini birinchi marta sodir etayotgani yo‘q. Reklama konstruksiyalari birinchi marta dekabrda demontaj qilingan.

Qo‘mitaning biznes-ombudsmanga yo‘llangan xatida bu holat Olmaota—Bishkek—Toshkent—Shahrisabz—Termiz yo‘lining Toshkent viloyati Zangiota tumanidan o‘tgan qismidagi reklama konstruksiyalari “O‘zbekiston rahbariyatining 24-dekabr kuni tashrif buyurishi munosabati bilan vaqtincha olib qo‘yilgan” deb izohlangan.

Foto: Olga Edgard/“Gazeta.uz”

“Birinchi safar ular bilbordlarni saylovlardan so‘ng demontaj qilishdi, o‘shanda ularning barida saylovlar va partiyalarning reklamasi bepul osilib turgandi. Ular konstruksiyalarni shunchaki kesib ketishdi. Bizda reklama pasportlari bor, bilbordlar xuddi shu hujjat asosida o‘rnatilgan. Nazariy jihatdan ular demontaj uchun taqdimnoma berishi, muddat va sabablarni keltirishi kerak edi. Biz esa bu taqdimnoma ustidan shikoyat qilishimiz yoki demontaj qilishimiz mumkin edi”, — dedi u.

Assotsiatsiya Prezident huzuridagi tadbirkorlarning manfaatlarini himoya qiluvchi biznes-ombudsmanga murojaat qilgan. “U yordam berdi. Aybdorni topishdi, unga 8 million so‘m jarima yozildi, ‘O‘zavtoyo‘l’ esa konstruksiyani qaytadan o‘rnatishga yozma ruxsat berdi. Biroq 10-fevral, dushanba kuni, ular yana kelib, yana hammasini kesib ketishdi”, — deya ta’kidladi Olga Edgard.

Foto: Olga Edgard/“Gazeta.uz”

Assotsiatsiya raisi Anvar Yo‘ldoshevning qayd etishicha, reklama pannolarini demontaj qilish haqidagi xatlar ular allaqachon demontaj qilib bo‘linganidan so‘ng rasmiylashtirilmoqda. Masalan, 10-fevral kuni bilbordlarni demontaj qilish boshlangach, reklama konstruksiyalaridan birining egasi 11-fevral kuni Toshkent halqa avtomobil yo‘lining bir qismidan foydalanish bo‘yicha unitar korxona (“O‘zavtoyo‘l” tarkibiga kiradi) tomonidan imzolangan xat olgan.

“O‘zavtoyo‘l” tizimi tomonidan “Tasviriy oyina” ijodiy birlashmasining Toshkent shahar filialiga yo‘llangan xatda 588 ta reklama konstruksiyasi buzib tashlanishi ma’lum qilingan. Bunga “rahbariyatning noroziligi”, “tartibsiz joylashuv” va “yo‘l harakati xavfsizligi bo‘layotgan xavf” sabab qilib ko‘rsatilgan.

Foto: Olga Edgard/“Gazeta.uz”

Foto: Olga Edgard/“Gazeta.uz”

Olga Edgardning ta’kidlashicha, demontaj qilingan reklama konstruksiyalarining pasportlari Toshkent viloyati bosh arxitektori, shahar va tumanlarning bosh arxitektorlari, “Avtomagistral” ixtisoslashgan yo‘l ta’mirlash-qurilish birlashmasi va boshqa tuzilmalar bilan kelishilgan.

Foto: Olga Edgard/“Gazeta.uz”