Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda “Shuhrat Dombrabadskiy” nomi bilan tanilgan mashhur mahkum Shuhratilla Nosirov yana 4 yilga sababsiz qamalgani to‘g‘risida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi, deb xabar berdi “Xabar.uz”.

Kadr: “O‘zbekiston 24”

Mahkum Shuhratilla Nosirov 12-son jazoni ijro etish koloniyasiga joriy yilning 20-yanvar kuni keltirilgan. Koloniyaga etap orqali keltirilgan barcha mahkumlar IIVning 2012-yildagi 174-sonli buyrug‘iga asosan komission tartibda qabul qilinib, to‘liq tintuvdan o‘tkaziladi. Tintuv vaqtida uning yonidan mahkumlar olib yurishi va saqlashi taqiqlangan 1 dona ‘Big’ va 1 dona ‘Mak jilet’ soqol olish ustaralari, uning 2 dona kassetasi va 1 dona kesish tig‘i 2 santimetr bo‘lgan tamg‘alanmagan qaychi olingan.

Jinoyat-ijroiya kodeksining 111-moddasida ‘Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etish, shuningdek, ichki tartib qoidalarida taqiqlangan buyumlar va narsalarni saqlash, tarqatish, iste’mol qilish va ulardan foydalanish jazoni o‘tash tartibini qo‘pol tarzda buzish’ deb hisoblanadi. Mahkum Nosirov ushbu xatti-harakati bilan mazkur tartibbuzarlikni sodir etgan.

Alohida qayd etish kerak, koloniyaga etap orqali keltirilgan mahkumlarning yonlarida saqlashi taqiqlangan soqol olish ustaralari alohida sumkaga solinib, koloniya ma’muriyati xodimlari tomonidan harbiy xizmatchilardan qabul qilib olinadi va faqatgina alohida ajratilgan sartaroshxonada mahkumlar foydalanishi uchun beriladi. Foydalanib bo‘lishgach, shu joyning o‘zida maxsus qulflanadigan shkaflarda saqlanishi ta’minlanadi.

Mahkum Shuhratilla Nosirovga nisbatan koloniya ma’muriyati tomonidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, Jinoyat-ijroiya kodeksining 105 va 106-moddalariga asosan koloniya boshlig‘ining 2020-yil 23-yanvar kunidagi 16-sonli qarori bilan hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Sodir etilgan tartibbuzarlik holati arxivlashtirilgan.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 221-moddasida ozodlikdan mahrum etish joyida jazo muddatini o‘tayotgan shaxsning jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmasligi yoxud ma’muriyatning o‘z faoliyatini amalga oshirishga boshqa to‘sqinlik qilishi, basharti, mahkumga nisbatan bir yil mobaynida jazoni o‘tash tartibi talablarini buzganligi uchun jazoni ijro etish koloniyasining karseriga o‘tkazish tariqasidagi jazo qo‘llanilganidan so‘ng ham takroran qo‘pol ravishda tartibbuzarlik sodir etsa, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi nazarda tutilgan.

Lekin mahkum Nosirov koloniyaga keltirilganidan buyon unga nisbatan karser intizomiy jazosi qo‘llanilmagan va hozirgi vaqtda Jinoyat kodeksining 221-moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishga asoslar mavjud emas.

Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi axborot xizmati

Xabarda qayd etilgan “12-sonli Jazoni ijro etish koloniyasi boshlig‘iga mahkumning advokati so‘rovnoma jo‘natgan, ammo javob olmagan” jumlasiga IIB JIEBB axborot xizmati quyidagicha izoh keltiradi:

“Toshkent shahar ‘SIMAY KOM’ advokatlik firmasining advokati U.Davlatovning so‘rovnomasi (2020-yil 3-fevraldagi chiqish raqami 26/01-05/1-son) 5-fevral kuni qabul qilinib, koloniya tomonidan 340-son bilan ro‘yxatga olingan. Unda mahkum Shuhratilla Nosirovga nisbatan tavsifnoma va sud hukmi bilan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini qancha qismini o‘taganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish so‘ralgan. Bunga javoban koloniya ma’muriyati 8-fevral kuni advokat U.Davlatovga 833-son chiqish raqami bilan javob xati yuborgan.

Mahkum Nosirov 2020-yil 23-yanvarda koloniyaga keltirilganidan buyon uning yaqin qarindoshlari sodir etgan tartibbuzarligini bekor qilishni so‘rab yoki boshqa sabablar yuzasidan koloniya rahbariyatiga murojaat qilmagan”.

“Koloniya xodimlari tomonidan mahkum Shuhratilla Nosirovdan yoki uning qarindoshlaridan sodir etgan tartibbuzarligini bekor qilish, unga yengillik yaratib berish evaziga moddiy manfaatdorlik talab qilinmagan”, — deyiladi JIEBB axborot xizmati xabarida.