O‘zbekiston Prezidentining “Toshkent shahridagi Britaniya menejment universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Foto: Reuters

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda “British management university” mas’uliyati cheklangan jamiyatining nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi Toshkent shahridagi Britaniya menejment universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berishi mumkin.

Belgilab qo‘yilishicha:

  • universitetda London, Reding universitetlari hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ta’lim dasturlarini joriy etish;
  • respublika iqtisodiyoti real sektorlari tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda yuqori malakali oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash;
  • xorijning ilg‘or oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik asosida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish;
  • o‘quv rejalariga zamonaviy fanlarni kiritib borish, innovatsion hamda ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tatbiq qilish;
  • ta’lim jarayoniga London, Reding universitetlari hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining malakali professor-o‘qituvchilari, olim va mutaxassislarini keng jalb qilish;
  • ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish;
  • professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shu jumladan ularning stajirovkasini nufuzli xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etish.

Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

  • loyiha boshqaruvi, logistika, tadbirkorlik, innovatsiyalar, elektron tijorat hamda iqtisodiyot tarmoqlari sohalarida xalqaro standartlar darajasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni ta’minlash;
  • iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy qilishni rag‘batlantirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, ta’lim oluvchilarning innovatsion g‘oyalarini amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb etish;
  • respublika oliy ta’lim tizimiga zamonaviy ta’lim texnologiyalariga asoslangan o‘quv jarayonlarini joriy qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni tatbiq etish, ochiq axborot-ta’lim muhitini rivojlantirishga ko‘maklashish;
  • pedagog kadrlarning professional mahorati darajasi va sifatini og‘ishmay oshirib borish, universitetning professor-o‘qituvchi xodimlarini xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirishi va stajirovka o‘tashi;
  • ta’lim va ilm-fanning uzluksizligi va izchilligi tamoyili, shuningdek, jahon ta’limi va ilmiy hamjamiyatga uyg‘un integratsiyalashuvi asosida mutaxassis va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish;
  • ta’lim va ilmiy sohalarda xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.

Muassisning quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishi to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanadi:

  • universitetni zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari, o‘quv va ilmiy adabiyotlar, mebel, kompyuter texnikasi bilan ta’minlash hamda o‘quv jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
  • universitetning bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash hamda jihozlash;
  • universitetni tanlov asosida malakali professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan to‘ldirish;
  • har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli, iqtidorli hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan farzandlari orasidan tanlov asosida bepul (universitet granti asosida) 20 nafardan kam bo‘lmagan abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish.

Belgilanishicha:

  • universitet nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi;
  • universitet ta’lim jarayoni London, Reding universitetlari hamda xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan malaka talablari, o‘quv reja va fan dasturlari asosida amalga oshiradi;
  • universitetda o‘qitish O‘zbekistonda amalda mavjud ta’lim shakllari hamda ingliz tilida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
  • bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari respublika mehnat bozori ehtiyojlari hamda universitetning moddiy-texnik imkoniyatidan kelib chiqqan holda universitet tomonidan belgilanadi;
  • universitetda dastlabki bosqichda loyihalarni boshqarish, logistika va yetkazib berish zanjirlarini boshqarish, tadbirkorlik va innovatsiyalar, xalqaro elektron tijorat hamda raqamli iqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha abituriyentlar qabuli amalga oshiriladi;
  • universitetga abituriyentlarni qabul qilish tartibi va qoidalari universitet tomonidan belgilanadi;
  • universitetda ta’lim faoliyati 2020/2021-o‘quv yilidan boshlanadi;
  • universitet bitiruvchilariga Buyuk Britaniyada tan olinadigan hamda O‘zbekistonda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan belgilangan namunadagi diplom beriladi.

Universitetga:

  • professor-o‘qituvchi xodimlar, shuningdek, pedagogik va ilmiy ish olib borishga jalb etiladigan boshqa shaxslar mehnati, yashashi hamda transport xarajatlari uchun ularga belgilangan tariflar bo‘yicha to‘lov amalga oshirishga;
  • universitetga har yili yangi o‘quv yili boshlanguniga qadar mavjud talab va ehtiyojni hamda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollarini hisobga olib, mehnat bozori konyunkturasining tez o‘zgaruvchan sharoitida yuqori malakali kadrlarning amaliy tayyorgarligini ta’minlaydigan yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochishga ruxsat beriladi.

Quyidagilar universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

  • to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;
  • xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
  • xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
  • qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.