Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Germaniyaga tashrifi chog‘ida koronavirus tarqalishi sekinlashgani va kasallik yuqtirganlar tezroq tuzala boshlaganini ta’kidladi. “RBK”ning xabar berishicha, bu haqda vazirlik saytida ma’lum qilingan.

Foto: Reuters

Pekin rasmiylari bularning barchasi kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar muvaffaqiyatli bo‘lganligidan dalolat beradi, degan fikrda.

Vazirning ta‘kidlashicha, yangi kasallanish holatlari soni ketma-ket 10 kundan beri kamaymoqda, 6 mingdan ortiq bemor muvaffaqiyatli tuzalgan. Bu epidemiyani nazorat qilish va davolash mumkinligidan dalolat beradi. Samarali dori vositalarining uzluksiz rivojlanishini hisobga olib, biz ushbu epidemiyani yengishimizga to‘liq ishonamiz”, — degan u.

Shuningdek, Van I Xitoydan tashqarida kasallanishning ulushi 1 foizdan kamligi va bu Pekinning epidemiya tarqalishini oldini olishda muvaffaqiyatga erishganligidan dalolat berishini eslatib o‘tgan.

Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 13-fevral holati bo‘yicha kasallikni yuqtirib olganlar soni bir sutkada 5090 kishiga ortib, 63 851 taga yetgan. Ekspertlar koronavirus bilan Yer aholisining uchdan ikki qismi kasallanishi mumkin, degan fikrda. Koronavirus tarqalishidan eng ko‘p Yaponiyada xavotir olishmoqda. U yerda koronavirus bilan bog‘liq birinchi o‘lim holati qayd etilgan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan 13-fevral kuni olingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar aniqlanmagan. AQSh davlat kotibi O‘zbekiston koronavirusga qarshi turishga tayyor emasligini aytgan.