Koronavirus sababli Yaponiyaning Yokogama portida karatinga olingan Diamond Princess kruiz kemasining bortida to‘rt nafar Qozog‘iston fuqarosi bor. Bu haqda Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, Kazinform xabar berdi.

Foto: Reuters

Ma’lum qilinishicha, kema bortidagi qozog‘istonliklarning ahvoli qoniqarli. Laboratoriya tekshiruvlarining ustida ish olib borilmoqda, karantin 19-fevral kuni yakunlanadi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy hisobda kemada bo‘lgan 218 kishida koronavirus aniqlangan.

Kema bortidagi kishilarga qo‘lqoplar, niqoblar va termometrlar tarqatilgan va ulardan bir-biri bilan aloqa qilmaslik so‘ralgan. Kemadagi yo‘lovchilar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar tekshiruvdan o‘tkazilgan. Diamond Princess bortida 3700 dan ortiq kishi bor. Kruizni tashkil qilgan AQShning Carnival kompaniyasi yo‘lovchilarga sayohat uchun to‘lagan pullarini qaytarib berishni va’da qilgan va boshqa bir sayohatga bepul borishni taklif qilgan. Kompaniya o‘z xodimlariga karantin tugaganidan so‘ng ikki oylik haq to‘lanadigan ta’tilni ham va’da qilgan.

Diamond Princess sayohat kemasi joriy yilning 20-yanvar kuni Yokogamadan chiqib, Kagosima—Gonkong—Okinava yo‘nalishidan o‘tib, 3-fevral, dushanba kuni, qaytib kelgan. Bu vaqtga kelib kemadagi bir necha kishi tobi qochgani haqida xabar qilgan va hukumat bortdagi barchani tekshiruvdan o‘tkazishga qaror qilgan.

11-fevral, seshanba kuni, sayohat kemasidagi keksalar va surunkali kasalliklarga ega bemorlarni sohilga evakuatsiya qilish boshlagan edi.

Shuningdek, avvalroq koronavirus xavfi sababli Yaponiya, Filippin, Tayvan, Tailand va Guam hukumati qabul qilishdan bosh tortgan Westerdam kruiz kemasi yo‘lovchilari Kambodjadagi Sianukvil portiga chiqishni boshlagani haqida xabar berilgan edi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda koronavirusga chalinganlar soni 63 ming kishidan oshib ketdi.