Bugun, 15-fevral zargarlik buyumlari bilan mashhur Tiffany brendining asoschisi Charlz Luiz Tiffani tug‘ilgan kun. U 1812-yilda Konnektikut shtatida dunyoga kelgan.

Foto: Google Images

Moda olamida Charlz Luiz Tiffani nomi yuksak didning sinonimi sifatida tan olinadi. Brend asoschisi 25 yoshida o‘z shaxsiy biznesini ochishga qaror qiladi. Ota-onasining iqtisodiy ko‘magi bilan rejasini amalga oshirish uchun maktabdosh do‘sti Teddi Yang bilan Nyu-Yorkka yo‘l oladi. Biznes hamkorlar megapolisning qoq markazida “Tiffany & Young” do‘konini ochadi. Ishning ko‘zini bilgan yosh biznesmenlar sarflangan mablag‘ni qoplash uchun ko‘proq harakat qilish kerak ekanini tushunib yetadi va mahsulot turlarini ko‘paytiradi hamda mijozlarga ko‘rsatiladigan xizmatlarni yaxshilashga e’tibor qaratadi. Shu bilan birga do‘konda soat, oshxona anjomlari, chinni buyumlar va oynalar ham sotiladi. Oradan yillar o‘tib biznesga Jey El Ellis hamkor bo‘lib qo‘shiladi. Bu vaqtda kompaniyaning mahsulotlar katalogi ishlab chiqilib, do‘kondagi har bir mijozga alohida xizmat ko‘rsatiladi. Xarid qilingan buyumlar bejirim qutichada havorang tasma bilan o‘ralgan holda topshiriladi.

Foto: Google Images

1853-yilda Charlz “Tiffany & Co” ning yagona egasi bo‘ladi buyumlar sifatidan tashqari, interyer va tashqi dizaynga ham e’tibor qaratadi. Buyuk zargarning xaridorlari asosan badavlat kishilar, siyosatchilar va taniqli insonlar bo‘lgan. 1861-yilda AQSh prezidenti Avram Linkoln, rafiqasi Meri Todd Linkoln uchun marvaridli to‘plam buyurtma qilgani buning isboti. Shunday qilib, Tiffany zargarlik buyumlari yuqori qatlam vakillari, aslzodalar va mashhur kishilarning sevimli brendiga aylangan.

Foto: Google Images

Aynan Tiffany tomonidan taqinchoqlarda ilk marta 925 probali kumush ishlatilgan. Oradan ancha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, kumush taqinchoqlarni o‘z ichiga olgan, sayqallangan olmoslar bilan bezatilgan zirak, braslet va uzuklardan iborat “Atlas Numeric” kolleksiyasi bugungi kunda ham zargarlikning shedevr namunasi deb e’tirof etiladi.

Foto: Google Images

1867-yil Parijda bo‘lib o‘tgan Universelle ko‘rgazmasidagi namoyish xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ladi va mukofotlanadi. 1871-yilda yapon madaniyatidan ilhomlangan holda kumushdan oshxona jihozlari to‘plami yaratiladi. Ushbu kolleksiya shu qadar mukammal va o‘ziga xosligidan bugungi kunda ham eng talabgir to‘plamlardan bir hisoblanadi. Shundan keyin eng yirik muzeylar ekpozitsiyalari uchun Tiffany’ga buyurtma berishni boshlagan.

Foto: Google Images

1870-yilda Manxettonda kompaniyaning yangi binosi ochiladi va unga jami 500 ming dollar sarflanadi. Kompaniyani New York Times “qimmatbaho buyumlar saroyi” deb ataydi. 1878-yil, Tiffany & Co Parijda Gran-prini qo‘lga kiritadi. Fransiyadagi kolleksiya namoyishidan keyin Charlz Tiffani “brilliant qiroli” deb ataladi, xalqaro ko‘rgazmalarning hech biri Tiffany zargarlik buyumlarisiz o‘tmaydi, kompaniya filiallari esa butun dunyo bo‘ylab ochila boshlaydi.

Foto: Google Images

Oradan 8 yil o‘tib, Charlz tomonidan yaratilgan unashtiruv uzugi nafaqat zargarlik balki, moda olamida ham katta burilishga sababchi bo‘lgan. Brilliant qadalgan uzuk kamalakdek serjilo bo‘lib, unga bo‘lgan talab qisqa fursatda orta boshlagan.

Foto: Google Images

1878-yil 250 karatli, Janubiy Afrikadan topilgan sariq olmos kompaniyaning nufuzini yanada oshirgan. Unga Jorj Frederik Kuns ishlov bergan. Shunday qilib kompaniya 150 karatli Tiffany Diamond’ni taqdim qiladi va bu olmos bugungi kunda ham qiymatini yo'qotmaganini 2019-yil Oskar mukofoti taqdirlash marosimidagi suratlardan ham bilsa bo‘ladi.

1887-yilda Parijdagi yarmarkada Tiffany & Co kolleksiyasi “eng g‘ayrioddiy taqinchoqlar” mukofotiga loyiq topilgan. Shundan so‘ng kompaniyaga turli buyurtma va takliflar kelib tusha boshlagan. 1894-yilda Diamond Jim Brady tomonidan, kinoaktrisa Lilian Rassel uchun kumushdan velosiped yasashga buyurtma beriladi.

Foto: Google Images

“Tiffany'da nonushta” kitobi ayniqsa, aktrisa Odri Hepbern rol ijro qilgan film sabab, brendning mashhurligi yanada ortadi. Unda Odri bo‘ynidagi, dizayner Jan Shlyumberg tomonidan yaratilgan brilliant marjon, muxlislar xususan  ayollar qalbini zabt etgan. 2013-yil bahorda premyerasi bo‘lgan “Shovvoz Getsbi” filmida ham brend mahsuloti ishlatilgan.

Foto: Google Images

1902-yilda Charlz vafot etadi va uning ishlarini o‘g‘li davom ettiradi. Unga otasidan qobiliyat, salohiyat va yuksak did meros bo‘lib qolgandi. U an’analarni so‘nggi tendensiyalar bilan uyg‘unlashtira olar va bu “Tiffany & Co”ning muvaffaqiyat sirlaridan biri edi.

Foto: Google Images

Tiffany brendi bilan bir qancha mashhur dizaynerlar bilan hamkorlik qilgan. Iste’dodli Endi Uorxoll, Elsa Peretti va Paloma Pikasso shular jumlasidan. Bugungi kunda ushbu kompaniyaning bir qancha yirik shaharlarda 150 dan ortiq do‘konlari va 11 mingga yaqin ishchilari bor. Brendning doimiy mijozlari esa o‘sha vaqtdagi kabi kazo-kazolar. Savdo ishlari, materiallar sifati, ishlab chiqarish texnologiyasining bari kompaniyaning bosh ofisida nazorat qilinadi.

Foto: Google Images