Joriy yil 14-fevral kuni Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanining “Xalqabod” mahallasi hududida joylashgan fermer xo‘jaligi yer maydoniga mahalliy fuqarolar noqonuniy uy-joy qurib olganligi holatiga aniqlik kiritish maqsadida tuman hokimligi vakili, tuman prokurori, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, viloyat kadastr korxonasi tuman filiali mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruh manzilga chiqib, tushuntirish ishlarini olib borgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Surxondaryo viloyat IIB axborot xizmati

Viloyat IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur jarayonda ayrim fuqarolar qo‘llariga turli buyumlar — tayoq, bolta, belkurak va toshlar bilan ishchi guruh vakillariga hujum qilganliklari oqibatida o‘rtada janjal kelib chiqqan.

Chaqiruvga asosan jamoat tartibini saqlash uchun soat 16:00 atrofida voqea joyiga yetib borgan tuman IIB xodimlari jamoat tartibini buzishni to‘xtatib, uylariga tarqashni talab qilganlarida mahalliy fuqarolardan I.Muhammadiyev, D.Muhammadiyev, F.Nurov, A.Toshev, S.Muhammadiyev va A.Safarov ichki ishlar organlari xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, qo‘llaridagi buyumlar bilan tajovuz qilgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida jamoat tartibini buzayotgan fuqarolar zararsizlantirilib, vaziyat barqarorlashtirilgan.

Huquqbuzarlarning tajovuzlari natijasida IIB xodimi safdor Sh.Mustofoqulov va profilaktika inspektori yordamchisi A.Jabborovga tan jarohatlari yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan Oltinsoy tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

“Shu o‘rinda fuqarolarimizdan har qanday vaziyatda jamoat tartibini buzishlariga yo‘l qo‘ymaslikni, nizoli vaziyatlarni qonuniy tartibda hal etishlariga chaqirib qolamiz. Mamlakatimizda qonun ustuvorligi ta’minlanadi hamda aybdorlar qilmishidan qat’iy nazar javobgarlikka tortiladi”, — deyiladi xabarda.

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati xabarida ikki nafar IIB xodimi jarohatlangani haqida so‘z borgan, ammo fuqarolardan jarohat olganlar to‘g‘risida ma’lumot berilmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda bir fuqaro boshidan jarohat olganini ko‘rish mumkin.

Avvalroq Surxondaryoning Sariosiyo tumanida egniga Prezident Shavkat Mirziyoyevning portretini yopishtirib olgan ayol qo‘liga bolta olib “snos”ga tushgan uyini himoya qilayotgan video tarqalgandi.