O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev Hayraton, Mozori-Sharif va Kobul shaharlarida Afg‘oniston transport vaziri Yamo Shams, Balx viloyati va Hayraton shahri, Savdo-sanoat palatasi rahbariyati, shuningdek, Balx viloyati ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: AP

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, yuklarni tashish, jumladan tranzit o‘tkazish bilan bog‘liq muammolarni hal qilish choralarini izlash masalalari, shuningdek, o‘zaro savdo hajmini oshirish kun tartibidagi asosiy bandlar bo‘ldi.

Afg‘oniston transport vaziri Yamo Shamsning qayd etishicha, prezident Ashraf G‘ani O‘zbekistonni Afg‘onistonga iqtisodiy yordam ko‘rsatishda boshqa davlatlar uchun namuna deb biladi.

Afg‘oniston va ushbu mamlakat hududi orqali yuk va tranzit qatnovini sezilarli darajada kengaytirish, mavjud temir yo‘l tariflarini pasaytirish to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni, shu jumladan transport va kommunikatsiya hamda eksport-import operatsiyalari sohalarida aloqalarni chuqurlashtirishga ko‘maklashadi.

Shuningdek, Afg‘onistonga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan turli xil mahsulotlar eksportini oshirish, O‘zbekistondan Afg‘onistonga yetkazib beriladigan mahsulotlar turini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘z navbatida, afg‘on ishbilarmonlari samarali va unumli ishlashlari uchun yaratilgan sharoitlar uchun O‘zbekiston hukumatiga samimiy minnatdorlik izhor etib, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.