BBC News O‘zbek xizmati “Boburiy malikalar izidan” nomli uch qismdan iborat hujjatli-dramatik film suratga oldi. Unda boburiylar saltanatida yashab o‘tgan uch malika — Esondavlat begim, Xonzoda va Gulbadan begimlar haqida hikoya qilinadi, deb xabar beradi BBC News O‘zbek xizmati.

Foto: BBC News O‘zbek xizmati

“Kuch-qudrat, mardlik va qahramonlik ko‘pincha erkaklarga xos ko‘riladi. Ayollar tomonidan qilingan fidokorlik esa, xoh o‘tmishda bo‘lsin, xoh bugun, o‘zgacharoq talqin topadi va osonlikcha e’tirof etilmaydi.

Maqsad ana shunday parda ortida qolgan, ko‘pincha nomlari tarix darsliklaridan tushib qoladigan jafokash ayollarning bugungi avlod uchun ibratli bo‘lgan hayotiga nazar tashlashdir”,  — deyiladi xabarda.

Foto: BBC News O‘zbek xizmati

Qayd etilishicha, filmning dastlabki qismi Zahiriddin Muhammad Boburning buvisi Esondavlat begimga bag‘ishlangan. Unda Boburshoh oilasidagi ayollar hayotining ochilmagan qirralariga e’tibor qaratilgan.

Yana bir e’tiborli jihati — O‘zbekiston, Hindiston va Afg‘onistonda suratga olingan ushbu filmda ishtirok etgan mutaxassislar hamda suhbatdoshlar xotin-qizlardir, deyiladi xabarda.