18-fevral sanasi astronomiya tarixida muhim ahamiyatga ega. Aynan shu sanada dastlab Quyosh tizimining to‘qqizinchi sayyorasi deb tan olinib, so‘ng sayyoralik maqomidan tushirilgan Pluton mitti sayyorasi kashf qilingan.

“Daryo” kolumnisti, fizik olim Muzaffar Qosimov ushbu kashfiyot haqida hikoya qiladi.

1846-yilda matematika fani ilm-fan olamida furor ko‘tardi. Shu yilning 23-sentabrida Berlin rasadxonasida Iogann Galle ismli astronom bundan bir yil avval farang matematigi Urban Leverye tomonidan “qalam uchida”, ya’ni sof matematik hisob-kitob vositasida kashf qilingan Neptun sayyorasini teleskopda ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi. Bu ilm-fanning g‘oyat katta yutug‘i edi. U Uran sayyorasiga ko‘rsatayotgan gravitatsion ta’sirlariga ko‘ra, sof matematik hisoblash evaziga ochilgan edi. Neptun sanoq hisobida Quyosh tizimining sakkizinchi sayyorasi bo‘lgan edi.

Foto: NASA

Neptun kashf etilgach, ko‘plab astronomlar yoppasiga uni kuzatishga kirishdi. Vaqt o‘tgan sari endi uning o‘ziga ham yana qandaydir noma’lum jism gravitatsiyasi ta’sir qilayotgani oydinlashib bordi. Bu astronomlarni undan ham narida yana bir yirik sayyora bo‘lsa kerak degan fikrga boshlab bordi. Oqibatda butun dunyo bo‘ylab katta va kichik rasadxonalarda professional va havaskor astronomlar endi Neptundan ham narida joylashgan to‘qqizinchi sayyorani izlashga tushdi. Axir shunday yirik ilmiy kashfiyot qilib, nomini tarixga muhrlashni kim ham istamaydi deysiz?

Biroq juda uzoq vaqt mobaynida hech kim to‘qqizinchi sayyorani topa olmadi. Dastavval o‘sha sayyora topilishi faqat vaqt masalasi deb qaragan ilm-fan namoyandalarining aksariyati vaqt o‘tgani sayin endi to‘qqizinchi sayyora aslida yo‘q bo‘lsa kerak degan fikrga borib qoldi. Tadqiqotlarga qayta qiziqish uyg‘otish maqsadida 1906-yilda bostonlik Persival Louell ismli boyvachcha shaxsiy rasadxonasida to‘qqizinchi sayyorani qidirishga oid katta loyihani e’lon qildi. U albatta yirik mukofot ajratish bilan birga jarayonning barcha sarf-xarajatlarini qoplashga tayyor edi. Louell hali aniqlanmagan to‘qqizinchi sayyoraga matematikadagi noma’lum belgisi – x bilan bog‘lab, “x-sayyora” deb shartli nom berdi.

X-sayyorani qidirish ishlari Louell rasadxonasida 1916-yilgacha davom etdi. Biroq 1916-yil noyabrida Louell vafot etdi va izlanishlarni moliyalashtirish vaqtincha to‘xtab qoldi. Boz ustiga, uning bevasi merosdan o‘ziga bir million dollar ajratilishi talab qilib, rasadxona ma’muriyatini sudma-sud sarson qildi. Shu sababli x-sayyorani izlash ishlari 1929-yilgacha qayta yangilanmadi.

1929-yilga kelib marhum Louellning do‘sti va rasadxona direktori to‘qqizinchi sayyorani izlashni yangidan boshlashga qaror qildi va bu ish uchun yosh, g‘ayratli astronomlarni jalb qilishni ma’qul topadi. Chunki muayyan osmon jismini qidirish, ko‘pincha tuni bilan mijja qoqmay rasadxonada, teleskop qarshisida o‘tirib osmonni kuzatishni talab qiladi. Ayniqsa qidirilayotgan narsaning o‘zi hali bor-yo‘qligi mavhum bo‘lsa, uning na koordinatalari va na parametrlarini hech kim bilmasa, bu yanada mushkul vazifaga aylanadi. Qisqasini aytganda, bu hammaning ham toqati yetadigan ish emas.

1929-yilda x-sayyorani qidirishni yangilash chog‘ida Louell rasadxonasi rahbarlari Kanzaslik 23 yoshli yigitcha Klayd Tombo bilan tanishib qoldi va unga loyihada ishtirok etishni taklif qildi. Bu paytda Tombo, juda yosh bo‘lishiga qaramay, astronomiyadan chuqur bilimga egaligi va osmon xaritasini qo‘lda bemalol chiza olishi tufayli ularni hayratga solgan edi.

Tombo rasadxonaga ishga kirgach, ishni tungi osmonni teleskop vositasida sistematik fotosuratga tushirishdan boshladi. U osmonning ma’lum bir qismini har kuni kechasi uch martadan suratga olar va keyin suratlarni ketma-ket qo‘yib, undan boshqa yulduzlar fonida o‘z joyini o‘zgartirayotgan obyektni izlar edi. G‘oyaga ko‘ra, o‘sha noma’lum sayyora o‘z orbitasi bo‘ylab harakati asnosida bir necha kun ichida yulduzlar fonida ma’lum oraliqqa siljishi va fotokamera buni qayd etishi kerak edi.

U deyarli bir yil shu yo‘sin ishni davom ettirdi va nihoyat 1930-yilning yanvar oyida olgan suratlarida joyini o‘zgartirayotgan obyektni payqab qoldi. U o‘sha yilning 18-fervral kuni 21-yanvaridan 29-yanvarigacha bo‘lgan kunlarda olgan suratlarini ketma-ket yoyib chiqqach, hammasi ayon bo‘ldi. To‘qqizinchi sayyora haqiqatan ham mavjud ekan – Tombo uni kashf qilgan edi.

Kashfiyot haqida oradan ikki hafta o‘tib, 13-mart sanasida, ya’ni Louellning tug‘ilgan kunida ommaga e’lon qilishdi. Tomboning shuhrati gazetalar orqali olamga yoyildi. U qator mukofot va medallarga sazovor bo‘ldi. Kashf qilingan yangi sayyoraga esa oksfordlik Venetsiya Berni ismli 11 yoshli o‘quvchi qizning taklifi bilan yunon mifologiyasidan kelib chiqib Pluton deb nom berildi. Ushbu nom 1930-yilning 1-may sanasidan e’tiboran rasman qabul qilindi. Pluton – yunon mifologiyasida yer osti zimiston saltanati ma’budlaridan birining nomi.

Pluton kashf qilingach, uzoq yillar mobaynida Quyosh tizimining to‘qqizinchi sayyorasi sifatida e’tirof etib kelindi. Hatto 2000-yillar boshida chop etilgan darsliklarda ham Pluton to‘qqizinchi sayyora deb ko‘rsatilgan. Biroq 2005-yilda Pluton joylashgan hududda uning singari o‘lcham va massaga ega obyektlar bir nechta ekani aniqlandi. Qolaversa, Plutonning o‘zi boshqa sayyoralarga o‘xshamasdi. U hajman juda kichik bo‘lib, hatto ayrim tabiiy yo‘ldoshlar ham undan kattaroqdir. Shu sababli 2006-yildan e’tiboran Xalqaro astronomiya ittifoqining maxsus qaroriga ko‘ra Pluton endilikda sayyora deb e’tirof etilmayotir. U va u kabi yirik sayyoralardan farq qiladigan kichik hajmli osmon jismlari uchun maxsus termin – “mitti sayyora” tushunchasi kiritildi. Shu jihatdan aytish mumkinki, Pluton o‘z maqomidan pasaytirildi va katta sayyoralar safidan “quvildi”. U endilikda mitti sayyoralar ichida eng kattasi hisoblanadi.

Plutonning beshta tabiiy yo‘ldoshi aniqlangan. Ulardan eng kattasi Xaron – Pluton bilan qo‘shaloq sayyora fenomenini hosil qiladi (ya’ni aslida Xaron Pluton atrofida aylanmaydi, balki ular ikkalasi umumiy massalar markazi atrofida aylanadi). Plutonning eng aniq va tiniq tasvirlari 2015-yilda unga New Horizons avtomat kosmik stansiya yaqinlashganda olingan. Quyida ushbu suratlardan eng asosiysi va muhim tasvirlangan:

Foto: NASA

Pluton haqida qiziq faktlar:

  • 2006-yilda Pluton o‘z maqomidan tushirilgach, ingliz tilida yangi fe’l – to pluto paydo bo‘ldi. U mavqei majburan pasaytirilgan shaxslarga nisbatan hazilomuz qo‘llanadi. Masalan, zobitlar unvoni bo‘yicha pasaytirilsa, shu fe’l bilan hazil qilishadi;
  • 2015-yilda Plutonga yaqinlashgan New Horizons avtomat kosmik stansiyasi bortida Plutonni kashf qilgan olim Klayd Tomboning xoki jo‘natilgan edi;
  • 1930-yillarda Pluton kashf qilinganidan keyin ekranlarga chiqqan Disney multfilmlarida paydo bo‘lgan Pluto nomli kuchukning ismi shu mitti sayyora sharafiga nomlangan;
  • Shuningdek, Plutondan biroz o‘tib kashf qilingan radioaktiv kimyoviy element – plutoniy ham o‘z nomini Plutondan olgan.