21:16, 19.02.2020 // 106501

“Daryo” oqshomi. Xitoy koronavirusi bo‘yicha 19-fevralning asosiy xabarlari

Kasallanganlar va vafot etganlar

Xitoy Sog‘liqni saqlash mintaqaviy komissiyasi Xubey provinsiyasida COVID-19 koronavirusi oqibatida vafot etganlar soni 2004 kishiga yetgani haqida xabar berdi. Butun dunyo bo‘ylab koronavirus keltirib chiqargan pnevmoniya oqibatida 2009 kishi vafot etdi. Vafot etganlarning 1921 nafari Xubey provinsiyasi hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Foto: “Daryo”

COVID-19 koronavirusini yuqtirib olganlar soni 74 185 kishidan oshib ketdi. Ta’kidlanishicha, 14 376 kishi davolanishga muvaffaq bo‘lgan, yana 5,2 ming kishi shifoxonalarda nazorat ostida.

O‘zbekistondagi vaziyat

Xitoy rahbari Si Szinpin mazkur mamlakat xalqiga hamdardlik va ko‘rsatilgan yordam uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston 12-fevral, chorshanba kuni, Xitoyga koronavirusga qarshi kurashish uchun gumanitar yordam yuborgan edi.

Foto: “Xabar.uz”

Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berishicha, 18-fevral, seshanba kuni, “Bo‘ston” sanatoriysiga joylashtirilgan 294 nafar fuqaroning karantin muddati yakuniga yetishi munosabati bilan uyiga kuzatilgan. Shuningdek, 19-fevral, chorshanba kuni, yana 84 nafar o‘zbekistonlik karantin muddati yakuniga yetishi munosabati bilan uyiga kuzatildi. Ularning birortasida koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan. Kuzatish marosimida ishtirok etgan “Xabar.uz” muxbiri karantin muddatidan chiqqan fuqarolar, shifokor va hamshiralar bilan suhbat qilibdi.

Ma’lumot uchun, Xitoyda safarda bo‘lgan jami 584 nafar fuqaro 4—6-fevral kunlari uchta charter reys orqali mamlakatga olib kelingandi.

19-fevral, chorshanba kuni, birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi koronavirus sababli qoldirilgani ma’lum bo‘ldi. 5—6-mart kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan forum kuzgacha qoldirilgan. Investitsiyalar va tashqi savdo ma’lumotlariga ko‘ra, forumda 1500 nafardan ortiq xorijiy va mahalliy kompaniya rahbarlari, investorlar, eksportchilar va xalqaro OAV vakillarining ishtirok etishi rejalashtirilgandi.

Jahondagi vaziyat

Koronavirus sabab Xitoyda tibbiy niqoblar taqchilligi kuzatilmoqda. Shu sabab Xitoy Turkmanistondan umumiy qiymati 200 ming dollar bo‘lgan bir millionta tibbiy niqob sotib oldi. Avvalroq JSST koronavirus tufayli tibbiyot niqoblariga talab 100 baravar oshishini taxmin qilgan edi.

Foto: “RBK”

Xitoyning uchta aviakompaniyasi koronavirus sababli 2020-yil 20-yanvardan 13-fevralgacha 78 mingta reysni bekor qildi va 13 million chiptani qaytarib oldi.

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin Xitoy fuqarolarining mamlakat hududiga kirishini vaqtincha taqiqlovchi farmoyishni imzoladi. Farmoyish 20-fevral, payshanba kunidan boshlab kuchga kiradi. Hujjatda turizm sayohatlari, xizmat va ta’lim, shuningdek, shaxsiy maqsadlarni ko‘zlab Rossiyaga kelayotgan xitoyliklarga mamlakat hududiga kirishiga vaqtincha taqiq qo‘yish masalasi ko‘tarilgan. Xitoy fuqarolari mamlakatga kirishi man etilgani ortidan Rossiya turbiznesi milliardlab rubl zarar ko‘rishi ma’lum qilindi. Rossiya turbiznesining ko‘radigan zarari fevral-mart oylarining o‘zida 2,8 milliard rublni tashkil etishi mumkin.

Foto: EPA

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi Botkin nomidagi shahar klinik shifoxonasining bosh shifokori Aleksey Yakovlevni ishdan bo‘shatdi. Fevral oyining boshida mazkur shifoxonaga Xitoydan qaytgan bir nechta rossiyalik fuqaro majburiy tartibda karantinga joylashtirilib, ularning to‘rt nafari o‘zboshimchalik bilan muassasadan ketib qolgani haqida xabar berilgandi.

19-fevral kunidan boshlab koronavirus sabab ikki haftadan buyon Yaponiyaning Yokogama portida karantinda turgan Diamond Princess sayohat kemasining yo‘lovchilari qirg‘oqqa chiqa boshladi. Birinchi kun 500 kishi kemani tark etishi kutilmoqda. Yo‘lovchilarni kemadan tushirish jarayoni 21-fevralga qadar davom etishi kutilmoqda.

Apple korporatsiyasi o‘z investorlarini koronavirus tarqalgani tufayli Xitoydagi korxonalari ishini to‘xtatgani uchun smartfonlar yetkazib berishni cheklashga majbur bo‘lgani haqida ogohlantirdi. Apple investorlarni jahon bozorlarida iPhone tanqisligi va Xitoyda savdoning pasayishi korporatsiya joriy chorakda e’lon qilingan daromad ko‘rsatkichlariga erisha olmasligi mumkinlini ma’lum qildi.

Foto: Reuters

Xitoyda tarqalgan koronavirus sabab mamlakat hududidagi zavodlar va do‘konlar yopib qo‘yilgan, bu esa butun dunyoda 5 milliondan ortiq kompaniyalar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Biroq tahlilchilar koronavirusning dunyo biznesi va iqtisodiyotiga ta’siri haqida real xulosalar chiqarish hozircha mushkul ekanini qayd etmoqda.

Kadr: YouTube

Xitoyning Uxan shahriga kelib qolgan 21 yoshli kanadalik Kristina Shramko mushugini yolg‘iz qoldirishni istamagani uchun karantin sabab yopib qo‘yilgan hududda qolib ketdi. Kristina Shramko YouTube’da blog yuritib, fojiaviy mashhurlikka erishgan Uxandagi holat haqida so‘zlab kelmoqda. Ikki hafta oldin koronavirusga bag‘ishlab chiqargan roligida u Uxan arvoh-shaharga aylanib qolganini aytgan: “Uyimning ro‘parasida ulkan savdo markazi bor, u yerdagi turargohlar avtomobillar bilan to‘lgan, odamlar to‘da bo‘lib kirib, xuddi shunday chiqib kelardi. Hozir deyarli hech kim yo‘q, savdo markazi atrofidagi hududlar bo‘shab qolgan”.

Foto: The Guardian

Uxanda vaqtincha ochilgan shifoxonalardan birining rahbari COVID19 koronavirusi keltirib chiqargan kasallik oqibatida vafot etdi. Bu haqda “Jenmin Jibao” xabar bergan. “Uchan” kasalxonasi direktori Lyu Chjimin 17-fevral, dushanba kuni COVID19 koronavirusi bilan kasallanish oqibatida vafot etdi. U koronavirusdan o‘lim topgan birinchi tibbiyot muassasasi rahbari”, — deya yozgan nashr. Biroq Daily Mail nashrining yozishicha, keyinroq gazeta ushbu xabarni o‘z rasmiy saytidan o‘chirib tashlagan.

Eng ko‘p o‘qilgan

Qidiruv