Xitoy koronavirusi

Xitoyda koronavirus infeksiyasidan bir kunda 150 kishi vafot etib, qurbonlarning umumiy soni 2592 kishiga yetdi, deb xabar bermoqda Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi. Xitoyda yana 406 kishi koronavirus yuqtirib olgan (shundan 348 nafari Uxanda), kasallangan fuqarolar soni esa 77 150 kishiga yetgan. Kasallikdan davolanib, shifoxonani tark etganlar soni 24 734 kishini tashkil etib, so‘nggi bir sutkada 1846 kishi davolangani aytilmoqda. Xitoyning Uxan shahrida 24-fevral holatiga ko‘ra, 195 kishi koronavirus bilan qayta kasallangani ma’lum bo‘ldi.

Foto: Reuters

Xitoyning olti provinsiyasida koronavirus sabab joriy etilgan favqulodda vaziyatga tezkor munosabat bildirishning eng yuqori darajasi pasaytirilgan. Ular orasida kattaligi bo‘yicha Xitoyda ikkinchi o‘rinda turadigan Guandun provinsiyasi ham bor.

Xitoyning eng yuqori qonun chiqaruvchi organi — Butunxitoy xalq vakillari kengashi (BXXVK)ning doimiy qo‘mitasi dushanba kuni har ikki oyda bir marta o‘tkaziladigan navbatdagi sessiyaning ochilishida koronavirus epidemiyasi sababli yillik sessiyani keyinga qoldirish haqida qaror qabul qildi.

Foto: Al Jazeera

Eron koronavirus qurbonlari soni bo‘yicha Xitoydan so‘ng ikkinchi mamlakatga aylandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 43 kishi kasallangan. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Facebook’dagi sahifasida Eronda koronavirus infeksiyasi tarqalgani sabab Armaniston Eron bilan chegarani yopib, aviaqatnovlarni ikki haftaga to‘xtatganini ma’lum qilganTurkiya hukumati ham xuddi shunday choralar ko‘rishini ma’lum qilgan. Afg‘oniston va Gruziya Eron bilan aviaqatnovlarni to‘xtatgan, Pokiston esa Eron bilan chegarani vaqtincha yopgan.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy mamlakat qurolli kuchlari koronavirusga qarshi kurashga jalb etilishi, Islom respublikasi bu xavfni minimal yo‘qotishlar bilan yengib o‘tishga harakat qilishini ma’lum qildi.

Jamoatchilikning salomatligi uchun hamma davlat organlari, qurolli kuchlari, jamoat tashkilotlari barcha zarur choralarni ko‘radi. Biz imkon qadar kamroq yo‘qotishlar bilan eng qisqa fursatda kasallik ustidan nazorat o‘rnatishni maqsad qilganmiz.

Hasan Ruhoniy

Eronda ilk kasallanish holati 19-fevral, chorshanba kuni, shialar uchun muqaddas hisoblangan Qum shahrida aniqlangan, infeksiyaning asosiy o‘chog‘i ham shu yerda. Erondagi koronavirus bemorlarining aksariyati yo Qum shahridan, yo Qumga borganlar. Ehtiyot chorasi sifatida Eronning bir qator viloyatlarida o‘quv muassasalari yopilgan, shuningdek, madaniy tadbirlar bekor qilingan.

Foto: AFP

Afg‘onistonda koronavirus bilan kasallanishning ilk holati qayd etildi. Hirotda favqulodda holat e’lon qilindi. O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan chegarasi koronavirus sabab yopilishi mumkin. “Daryo”ning hukumatdagi manbasiga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining koronavirusga qarshi markaziy shtabining 24-fevraldagi yig‘ilishida aynan Afg‘onistondagi vaziyat muhokama qilingan. Muhokamalar jarayonida O‘zbekiston—Afg‘oniston chegarasini vaqtincha yopish, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi boshqa munosabatlarga doir boshqa masalalar, ko‘riladigan chora-tadbirlar rejasi muhokama qilingan.

Foto: Meduza

Italiyada koronavirus avj olmoqda: Karnaval, modalar namoyishi, futbol uchrashuvlari bekor qilindi. 23-fevral oqshomiga kelib Italiyada yangi virusni yuqtirib olish bilan bog‘liq 152 ta holat aniqlangan, ulardan uch nafari vafot etgan. 26 bemorning ahvoli og‘ir. Italiya COVID-19’ning Yevropadagi eng katta o‘chog‘iga aylandi.

Avstriya hukumati koronavirus sabab to‘xtatib qo‘yilgan ikkita Italiya poyezdlarning 500 ga yaqin yo‘lovchisini tekshirgandan so‘ng Brenner dovoni orqali o‘tkazib yuborgan. Yuqori tana harorati aniqlangan ikki kishida koronavirus mavjudligi tasdiqlanmagan. Yo‘lovchilar italiyalik shifokorlar tomonidan tekshirilgach, rasmiy Vena poyezd harakatiga ruxsat bergan.

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy raisi Si Szinpin yangi turdagi koronavirus sabab yuzaga kelgan pnevmoniya epidemiyasini bartaraf eta olishiga ishonishini bildirdi. Bu haqda u Hindistonga uchib ketishidan oldin Oq uyda jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatida ma’lum qilgan.

Koronavirus — katta muammo, ammo Si Szinpin o‘z mamlakatini yaxshi ko‘radi. U judayam ko‘p ishlayapti va muammoga yechim topadi.

Donald Tramp, AQSh prezidenti

Trampning qo‘shimcha qilishicha, AQShda koronavirus 12 kishida aniqlangan bo‘lib, aksariyatining ahvoli yaxshilangan.

Foto: Reuters

Buyuk Britaniyada koronavirusga chalinganlar soni 13 kishiga yetdi: Diamond Princess kemasidan 24-fevral, dushanba kuni, evakuatsiya qilingan 32 kishining to‘rttasida koronavirus borligi aniqlandi, umumiy hisobda mamlakatda kasallikka chalinganlar soni esa 13 kishiga yetdi.

Diamond Princess kruiz kemasi Yaponiyaning Yokogama portida 4-fevraldan beri karantinda turibdi. Kemada virus tarqalayotgani 1-fevral kuni Gonkongda tushib qolgan 80 yoshlik yo‘lovchida yangi turdagi virus aniqlanganidan so‘ng ma’lum bo‘lgan edi. Kemada jami 3,7 ming kishi bo‘lgan, ularning 600 nafariga koronavirus tashxisi qo‘yilgan.

Boshqa yangiliklar bormi?

“O‘zgidromet” 26—27-fevralda O‘zbekiston hududiga Volgabo‘yi hududlari (Astraxan) ustida shakllangan nam va sovuq havo oqimlari kirib kelishi hisobiga, respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor), ayrim joylarda yog‘inlar kuchli bo‘lishi haqida ma’lum qildi. Qamchiq dovonida kuchli qor yog‘ib, yo‘llar muzlashi mumkin.

Foto: “Daryo”

O‘zbekistonda dollar kursi qatorasiga to‘rtinchi hafta pastladi. Unga ko‘ra, dollarning rasmiy kursi 2,21 so‘mga pasayib, 9 526,28 so‘mni tashkil qildi. Yevro kursi 10 so‘mga ko‘tarilib, 10 329,35 so‘mga yetdi.

O‘zbekistonda yana bir xususiy bandlik agentligi fuqarolarni 2,6 milliard so‘mga chuv tushirgani aniqlandi2019-yil oktabr oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Korean and migrations xususiy bandlik agentligi MChJga berilgan O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etuvchi litsenziya to‘xtatilgani hamda shu yili noyabrda O‘zbekistonda firibgarlikda gumonlanayotgan Janubiy Koreya fuqarosiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabarlar berilgan, ushbu jinoiy ishi bo‘yicha tergov tafsilotlari ma’lum qilingandi. Human xususiy bandlik agentligidan jabr ko‘rganlarning esa pullari qaytarilmoqda.

Foto: “Daryo”

Anvar Sanayev — antiqa “zapret”larga tushish bo‘yicha rekordchi: besh yillik birinchi “zapret” amaldorning to‘yi bilan bog‘liq ekan (mana bu yerda to‘liq video bor).

“O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatini boykot qilishdan foyda yo‘q”, — deydi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov Cotton Campaign vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvga izoh berarkan. Koalitsiya delegatsiyasi fevral oyining boshlarida ishchi tashrif bilan O‘zbekistonga kelgandi.

Foto: “Dunyo” axborot agentligi

Toshkentning har bir tumanida bir million daraxt ekiladi. Bu haqda Toshkent shahar prokurori Bahriddin Valiyev Yakkasaroy tumani Yunus Rajabiy nomidagi mahallada 81 ta ko‘p yillik daraxt kesib tashlanishi hodisasidan so‘ng “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Kadr: “O‘zbekiston 24”

Eslatib o‘tamiz, Yunus Rajabiy nomidagi mahallada yuz bergan hodisa jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lib, shahar va mamlakat rahbariyati e’tiborini o‘ziga qaratgach, kesib tashlangan daraxtzor o‘rnida zudlik bilan yangi yashil maskan barpo etishga kirishildi, daraxtlarni kesishga ruxsat bergan Yakkasaroy tumani hokimi o‘rinbosari va daraxtzor o‘rnida ko‘p qavatli uy qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorga qarshi jinoyat ishi ochildi, bir qator mas’ullar hayfsan oldi.

O‘zbekistonda yana nima yangiliklar?

“Nuriston” poligonida shartli dushmanni yakson etish bo‘yicha harbiylar mahorati sinovdan o‘tkazildi (fotolari ham bor). Ukraina O‘zbekiston bilan aviaqatnovlarning qayta tiklanishiga qiziqish bildirmoqda. Yunusoboddagi xonadonda yong‘in yuz berdi. Denovdagi savdo majmuasida yuz bergan yong‘inda 18 ta savdo obyekti yonib ketdi.

O‘zbekistonda xususiy maktablarda ham hijob taqiqlanishi mumkin. Urush yillari O‘zbekistonga rahbarlik qilgan Usmon Yusupovning uy-muzeyi rekonstruksiya qilinmoqda. O‘zbekistonda fuqarolarning shaxsiy hayoti bilan bog‘liq suratlarni tarqatganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda elektr transport vositalarining rivojlanishiga yordam bermoqchi. O‘zbekistonda 68 ming talabaning yotoqxonaga ehtiyoji bor. Uni qondirish uchun 3 trillion so‘m kerak.

Jinoyatlar. Xotinini Jizzaxda bo‘g‘ib o‘ldirgan erkak besh kundan so‘ng Samarqandda osilgan holda topildi. “Uning cho‘ntagida 17-fevral kuni Jizzax shahri “Kimyogar” mahallasi Sayilgoh ko‘chasidagi xonadonda 1991-yilda tug‘ilgan rafiqasi N.G.ni qasddan o‘ldirib, ustidan qulflab ketgani haqidagi xati mavjudligi aniqlangan”, — deyiladi prokuratura axborotida.

O‘zbekiston san’at muzeyidagi qadimiy so‘zana soxtasiga almashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Eksponatni almashtirib, chet elga sotgan xodim qamalgan.

Andijon viloyatidagi tuman tibbiyot birlashmasida qariyb 300 million so‘m talon-toroj qilingani aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, birlashmaning pullik xizmat bo‘limi mansabdor va moddiy javobgar shaxslari 2018—2019-yillar davomida tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun murojaat qilgan 4 905 nafar fuqaro to‘lagan pullarni bo‘lim g‘aznasiga kirim qilmay o‘zlashtirib yuborgan.

Jahonda-chi?

Amerikalik saylovchilarning yarmidan ko‘pi (65 foiz) AQSh prezidenti Donald Tramp 2020-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovda prezidentlikka qayta saylanishiga ishonadi. 13—16-iyul kunlari Viskonsin shtatida Demokratlar partiyasi syezdi bo‘lib o‘tadi va unda Donald Tramp raqibining ismi e’lon qilinadi. Avvalroq Oq uy Trampga qarshi bo‘lganlarning ro‘yxatini tuzmoqchi ekanligi xabar berilgan edi.

“Namaste Tramp”: AQSh prezidenti Donald Tramp 24-fevral, dushanba kuni, Hindistonga tashrif buyurdi. 24-fevral kuni Tramp Ahmadobod shahriga tashrif buyuradi va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan birga respublikadagi eng katta kriket arenasida nutq qiladi. Stadionga borish yo‘lida ularni 7 million odam qarshi olishi aytilmoqda. Xo‘sh, AQSh prezidentining Hindistonga tashrifiga qanday tayyorgarlik ko‘rildi? Ushbu fotogalereyani albatta ko‘ring.

Foto: AFP

AQSh prezidenti Donald Tramp “Tolibon” jangarilari bilan bitim tuzishga umid qilayotganini bildirdi, chunki tomonlar nizolardan charchagan va tinchlikni istamoqda.

Biz Afg‘onistonda 19 yildan beri bormiz. O‘ylashimizcha, ular kelishuv istamoqda. Biz ham buni xohlaymiz. Fikrimcha, bu ish bera boshladi. Ular jangdan charchadi. Kelishuv bitimi ostida o‘z imzomni qo‘ygan bo‘lardim.

Donald Tramp, AQSh prezidenti

AQSh davlat departamentining Maykl Pompeoga tayanib ma’lum qilishicha, AQSh “Tolibon” harakati bilan 29-fevral kuni tinchlik bitimini imzolashga tayyorlanmoqda.

Malayziya bosh vaziri Mahatxir Muhammad iste’foga chiqdi. Ta’kidlanishicha, bosh vazir Malayziya qiroliga iste’foga chiqarish haqidagi iltimosnomani yo‘llagan, boshqa tafsilotlar noma’lum.

Foto: Reuters

Daniyada Lego konstuktorining odam haykalchalari asoschisi Yens Knudsen vafot etdi. U 78 yoshda edi.