2018-yilda AQSh prezidenti Donald Trampning oilasi va administratsiyaning yuqori martabali vakillari xorijiy davlat rahbarlaridan umumiy qiymati 88 420 dollarlik sovg‘alarni qabul qilib oldi. Bu haqda The New York Times’ga tayanib, Spot xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Eng qimmatbaho sovg‘ani Melaniya Tramp olgan — Qatar shayxi unga 23 ming dollarlik oltita chinni likopchadan iborat to‘plamni sovg‘a qilgan. Shuningdek, u Misr prezidentining qiymati 10 ming dollarlik ikkita stul, O‘zbekiston Prezidentidan 4200 dollarlik choyshab, Belgiya bosh vaziridan 1280 dollarlik sumkani sovg‘a sifatida qabul qilib olgan.

Deyarli barcha sovg‘alar saqlab qo‘yish uchun Milliy arxivga topshirilgan, biroq ular davlat xizmatchisi bo‘lgani sabab sovg‘alarni sotib olish imkoniga ega. Masalan, Jared Kushner va Ivanka Tramp Iordaniya qiroli va qirolichasi sovg‘a qilgan 3185 dollarlik to‘rtta bilaguzukni sotib olishga qaror qilgan.

Trampning o‘ziga topshirilgan eng qimmat sovg‘ani Fransiya prezidenti bergan. Unga sovg‘a qilingan Louis Vuitton golf sumkasining narxi 8250 dollarga baholangan.

O‘zbekiston Prezidenti Donald Trampga “Registon” majmuasining kumush nusxasini ham sovg‘a qilgan. Mazkur miniatyura 2950 dollarga baholangan.

AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo O‘zbekiston Prezidentidan 1580 dollarlik yog‘och stol va stullar jamlanmasini, BAA shahzodasidan 1300 dollarlik bronza haykalchani, Yaponiya tashqi ishlar vaziridan 1400 dollarlik ruchka, Moldova bosh vaziridan 1060 dollarlik konyak va kartinani qabul qilib olgan.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti Donald Tramp bilan 2018-yilning mayida uchrashgan edi. O‘shanda ikki davlat kompaniyalari jami 5 milliard dollarlik bitimlarni imzolashga muvaffaq bo‘lgan.