Milliarder Richard Brensonning Virgin Galactic kompaniyasi aksiyalari narxi foyda ko‘rmayotgan, xizmat ko‘rsatmayotgan va yangi mijozlar orttirmagan bo‘lsa-da, yil boshidan beri 200 foizga o‘sdi, deya xabar bermoqda Bloomberg agentligi.

Richard Brenson Virgin Galactic’ning aksiyalarini Nyu-York fond birjasiga birlamchi chiqarish (IPO) marosimida, 2019-yil, oktabr.

Foto: Bloomberg

Nyu-Yorkda 20-fevraldagi savdolar chog‘ida Virgin Galactic’ning qimmatli qog‘ozlari narxi tarixiy maksimumga chiqqan — har biri 42,4 dollardan sotilgan. Kompaniyaning bozor narxi yanvardagi 2,4 milliard dollardan sakkiz milliard dollargacha o‘sgan.

2019-yil noyabr oyida Virgin to‘qqiz oy yakunlariga ko‘ra 138 million dollar zarar ko‘rgani haqida hisobot bergandi. Bloomberg’ning aniqlik kiritishicha, kompaniyaning 600 ga yaqin mijozi bo‘lib, ularning har biri suborbital sayohat uchun 250 ming dollardan to‘lagan.

Virgin kompaniyasi sayyohlarni o‘z bag‘riga olgan dastlabki SpaceShipTwo kemasini 2020-yilda uchirishga va’da bergan. Reys uchun buyurtmalar 2018-yil dekabridan beri qabul qilinmoqda.

Cestrian Capital Research tahlilchisi Aleks Kingning fikricha, Virgin’ning aksiyalari qimmatli qog‘ozlar bozorida kosmik kompaniyalar deyarli yo‘qligi bois yutyapti. Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday aksiyalar bo‘lgan talab taklifdan sezilarli ko‘p.

Starbridge Venture Capital kompaniyasi hamkori Stiv Yorgenson Bloomberg muxbiri bilan suhbatda Virgin Galactic’ni suborbital turistik parvozlar bo‘yicha hozircha salohiyatli ko‘rinayotgan biznesida yetakchi deb atadi.

Hozirda Brensonning kompaniyasidan boshqa hech kim koinotga xususiy parvozlarni taklif qilmayapti; Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi 2021-yil oxiridan boshlab sayyohlarni orbitaga olib chiqishni boshlashi mumkin.