Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatidagi Karabutak—Kostanay trassasida 25-fevral kuni 45 nafar yo‘lovchi — O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketdi.

Foto: Diapazon

Hodisa vaqtida avtobus ichida bo‘lganlardan biri “Kun.uz”ga ma’lum qilishicha, Chimkentdan Yekaterinburgga qarab yo‘lga chiqqan avtobus yo‘l muzlashi tufayli ag‘darilgan, uning ichida o‘ndan ortiq o‘zbekistonliklar bo‘lgan.

Foto: “Kun.uz”

Yo‘lovchilar orasida jarohatlanganlar yo‘q. Mahalliy huquq-tartibot idoralari tashabbusi bilan yo‘l transport hodisasi ishtirokchilari mehmonxonaga joylashtirilgan.

Hozircha ushbu hodisa yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi yoki Transport vazirligi munosabat bildirmagan.

Qozog‘istondagi mahalliy nashrlar ushbu YTH haqida ma’lumot berib, avtobusdagi yo‘lovchilarning barchasi Tojikiston fuqarolari ekanini ma’lum qilgan.

Avvalroq TIV Konsullik-huquqiy departamenti O‘zbekiston fuqarolari qish mavsumida avtobus yoki boshqa transport turlarida Qozog‘istonga kirishda yoki uning hududidan o‘tishda ehtimoliy xatarlarni hisobga olish va tegishli choralar ko‘rishga e’tibor qaratish zarurligini eslatib o‘tgandi.