Xitoydagi fabrika va zavodlarda ish to‘xtagani, avtomobillardan atmosferaga chiqayotgan chiqindilarning kamayganligi koronavirus tarqalishining ijobiy jihatlaridan biriga aylandi. Bu haqda Amerika kosmik agentligi (NASA) ma’lumot bergan.

Foto: The Economist

Mutaxassislar 2019-yil dekabr oyida Uxan shahrida koronavirusning tarqala boshlashi oqibatida hukumat shaharni yopishga majbur bo‘lgani, oqibatda mahalliy korxonalar ishi to‘xtagani va transport qatnovlari ham cheklab qo‘yilganiga e’tibor qaratgan. Ushbu chora-tadbirlar koronavirus keltirib chiqaradigan pnevmoniyaning mamlakat bo‘ylab keng tarqalishiga to‘sqinlik qilish maqsadida amalga oshirilgan.

NASA garchi korxonalarning yopilishi va transport qatnovlarining cheklab qo‘yilishi mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarar keltirgan bo‘lsa ham, Uxandagi ekologik vaziyatning ancha yaxshilanishiga sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.

Foto: NASA

“Biz katta hududda atmosferaga chiqayotgan chiqindilarning bitta faktor tufayli bu darajada jiddiy kamayganining guvohi bo‘ldik”, — deyiladi NASA bayonotida.

Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, dastlab chiqindilarning kamayishi Uxanda ko‘zga tashlangan bo‘lsa, keyinchalik Xitoyning boshqa hududlarida ham turli cheklovlar tufayli ekologik vaziyat ancha yaxshilangan. NASA laboratoriyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2020-yilning ortda qolgan davrida Xitoyning markaziy va sharqiy hududlarida atmosferaga chiqindi chiqarish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10—30 foizga kamaygan.

Foto: NASA

Tadqiqotchilar iqtisodiy muammolarning dunyodagi ekologik vaziyatga ta’siri birinchi bor kuzatilmayotganini qayd etdi. Shunga o‘xshash jarayonlar 2008-yilda jahon iqtisodiy inqirozi vaqtida kuzatilgan. Biroq u davrda koronavirus bilan bog‘liq ushbu holatdan farqli o‘laroq atmosferani zaharlash jarayoni tadrijiy ravishda kamaygan, bu qadar tezkor natija kuzatilmagan.