Koronavirus sababli 2020-yilda Tailandga tashrif buyuradigan xorijlik sayyohlar soni olti million kishiga kamayishi mumkin. Bu haqda Tailand turizm boshqarmasiga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: “RBK”

Ma’lum qilinishicha, mamlakat uchun bu so‘nggi to‘rt yildagi eng past ko‘rsatkich bo‘ladi. Sayyohlar soni 2020-yilda 33,8 million kishini tashkil etishi kutilmoqda. 2019-yilda mazkur mamlakatga 39,6 million xorijlik tashrif buyurgan.

Tailand turizm boshqarmasi rahbarining qayd etishicha, fevral oyida sayyohlar soni 40 foizga kamaygan, bahorda esa vaziyat yanada yomonlashadi.

Tailandda 1-mart, yakshanba kuni, koronavirus bilan bog‘liq birinchi o‘lim holati qayd etilgan. Mamlakatda virusni yuqtirish bilan bog‘liq 43 ta holat aniqlangan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab koronavirus bilan kasallanganlar soni 88 ming kishidan oshib ketdi. Armanistonda hamda Rossiya poytaxti Moskva shahrida koronavirus yuqtirib olish bo‘yicha birinchi holat, Avstraliyada koronavirus bilan bog‘liq birinchi o‘lim holati qayd etildi. AQShda koronavirusdan ikkinchi kishi vafot etdi. Emirates Airlines kompaniyasi koronavirus sabab xodimlaridan ta’tilga chiqishni so‘radi.

Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyda so‘nggi bir sutka ichida 42 ta o‘lim holati qayd etilgan bo‘lib, yana 202 kishida koronavirus aniqlangan. Mamlakatda umumiy hisobda kasallanganlar soni 80 026 kishiga yetdi.