Tojikiston fuqarolik aviatsiyasi agentligi mahalliy va xorijiy aviakompaniyalarga o‘z samolyotlari bortiga 35 ta davlat fuqarolarini olmaslik haqida telegramma jo‘natdi. Shunday telegramma turkompaniyalarga ham yo‘llangan, deb xabar berdi Asia-Plus.

Foto: “Open.online”

Qayd etilishicha, bu ogohlantirish koronavirus tarqalishi oldini olish va mamlakat fuqarolari salomatligi va xavfsizligini ta’minlash bilan asoslangan.

Tojikistonga fuqarolari vaqtincha kirishi taqiqlangan davlatlar ro‘yxatiga Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Vyetnam, Singapur, Avstraliya, Malayziya, Kamboja, Filippin, Tailand, Nepal, Shri-Lanka, Hindiston, Finlyandiya, Italiya, Britaniya, Ispaniya, Shvetsiya, Belgiya, Isroil, Avstriya, Xorvatiya, Shveysariya, AQSh, Kanada, BAA, Misr, Eron, Livan, Kuvayt, Bahrayn, Ummon, Afg‘oniston, Iroq va Jazoir kiritilgan.

Bundan tashqari, agentlik bu davlatlarning Tojikistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki tranzit reys bilan kelmoqchi bo‘lgan fuqarolariga aviachiptalar sotishni to‘xtatishga chaqirgan.

“Bu davlatlar fuqarolariga aviachipta sotilib, ular Tojikistondagi aeroportlarga kelgan bo‘lsa, ular shu reyslarning o‘zi bilan ortga qaytarilib yuboriladi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, Tojikistonning shu davlatlardan kelgan fuqarolari karantinga joylanadi.

Ayni vaqtda Tojikistonga uchuvchi barcha reyslar yo‘lovchilarining tana harorati teplovizor yordamida tekshirilmoqda.

Avvalroq Tojikiston koronavirus xavfi tufayli Afg‘oniston bilan chegara nazoratini kuchaytirgani haqida xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoydan tashqari koronavirus qayd etilgan davlatlar soni 64 taga yetdi. Butun dunyo bo‘ylab koronavirusni yuqtirib olganlar soni esa 90 370 kishiga yetgan. Kasallikka chalinganlar soni bo‘yicha Xitoydan keyingi o‘rinlarda Janubiy Koreya (4335), Italiya (2036) va Eron (1501) ketmoqda.