Amerikaning Kaliforniya shtatida koronavirus sabab favqulodda holat rejimi e’lon qilindi. Bu haqda shtat gubernatori Gevin Nyusga tayanib Los Angeles Times nashri xabar berdi.

Foto: Getty Images

“Ushbu qaror nafaqat bir kishining fojiaviy o‘limi, balki boshqa vaziyatlar sabab qabul qilindi”, — deydi gubernator. Uning ta’kidlashicha, bu kabi chora-tadbirlar kasallik tarqalishiga qarshi kurashish uchun federal zaxiradan mablag‘ olish zarurati bilan bog‘liq.

4-mart kuni Pleyser okrugida (Kaliforniya shtati) koronavirus infeksiyasi oqibatida vafot etish bo‘yicha birinchi holat qayd etildi. Kasallik sog‘lig‘ida muammo bo‘lgan keksa odamda aniqlangan. U 11—21-fevral kunlari San-Fransiskodagi sayohat kemasida bo‘lgan vaqtida kasallikni yuqtirib olgan bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 1-mart kuni Vashington shtati gubernatori Jey Insli koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan birinchi bemor vafotidan keyin hududda favqulodda holat e’lon qilgandi. 4-mart holatiga ko‘ra, AQShda koronavirus keltirib chiqargan pnevmoniya bilan kasallangan bemorlar soni 128 nafarga yetgan. Ularning asosiy qismi Vashington va Kaliforniya shtatida qayd etilgan.