O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti direktori, tibbiyot fanlari doktori Botir Tojiyev koronavirusdan saqlanish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi. Uning tavsiyalari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etildi.

Foto: “Daryo”

Botir Tojiyevning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus infeksiyasining yashirin davri 2 kundan 14 kungacha davom etadi. Hozirgi kunda virus tarqalishi asosan odamdan odamga yaqin aloqa oqibatida yuz bermoqda. Uning alomatlari isitma, yo‘tal va nafas qisishi hisoblanadi.

Virusni barcha yoshdagi odamlar yuqtirishi mumkin. Yoshi katta, surunkali kasallikka yo‘liqqan, immuniteti zaiflashgan odamlarda kasallik og‘irroq kechishi mumkin. Ayni paytda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va dunyo davlatlari mutaxassislari ushbu virusga qarshi yangi vaksina va davolash metodlarini yaratish ustida faol ishlamoqda.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, kasallikdan saqlanishda qo‘llarni yuvish haqiqatdan ham muhim o‘rin tutadi. Bundan tashqari, spirtli dezinfeksiyadan foydalanish ham zarar qilmaydi. Ovqat qilish davomida hamda undan oldin va keyin, shuningdek, ovqatlanishdan oldin, uy hayvonlari oldidan qaytganda ham qo‘llarni yuvishni unutmaslik kerak. Shu sababli, ayni kunlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan butun aholiga qo‘l yuvishning ahamiyati haqida SMS xabarlar jo‘natilmoqda.

Ilmiy tekshirish instituti direktorining so‘zlariga ko‘ra, koronavirusni yuqtirib olmaslik yoki uning xavfini kamaytirish uchun, avvalo, shamollash yoki gripp alomatlari kuzatilgan odamlar bilan yaqin aloqa qilishdan tiyilish kerak. Shuningdek, yuzni qo‘l bilan ushlamaslik lozim. Imkon qadar bozor, vokzal, katta do‘konlar kabi odamlar yig‘iladigan joylarga borishni kamaytirish zarur. Yo‘talganda, burun qoqqanda va aksirganda og‘iz va burinni berkish kerak. Kasallikning ilk alomatlari kuzatilganda, uyda qolish va darhol shifokorga murojaat qilish talab qilinadi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, yo‘tal, nafas olishda qiynalish kabi respirator infeksiya alomatlari kuzatilsa, shuningdek, tibbiyot xodimi sifatida infeksiya alomatlariga ega bemorga qaralayotganda tibbiy niqobni taqib yurish mumkin. Respirator infeksiyasi alomatlari mavjud bo‘lmagan barcha holatlarda himoya niqoblarini taqib yurishga zarurat yo‘q.

Uning qayd etishicha, ovqat tayyorlayotganda, xom go‘sht va tayyor ovqatni kesish uchun alohida chopish taxtalari va pichoqlardan foydalanish zarur. Go‘sht va sut mahsulotlarini ushlagandan keyin qo‘llarni yaxshilab yuvish muhim o‘rin tutadi. Go‘sht mahsulotlarini yaxshilab pishirish lozim. Xom yoki chala qaynatilgan go‘sht mahsulotlarini iste’mol qilishdan saqlanish kerak.

Zarurat bo‘lmaganda xorijga chiqishdan cheklanish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Safarga chiqqanda infeksiyadan saqlanish uchun yuqoridagi aytib o‘tilgan, umumiy gigiyenik qoidalarga qat’iy rioya qilish kerak. Bunda avval qo‘llarni spirtli nam salfetka yordamida tez-tez artib, sovunlab yuvib turish kerak. Safardagi kishining sog‘liq holati yomonlashsa, u bilan safarga chiqqan guruh a’zolariga xabar qilishi va imkon bo‘lishi bilan shifokorni ham xabardor etishi kerak. Shamollash yoki gripp alomatlariga ega odamlardan yiroq bo‘lish, agar yuqoridagi alomatlar sezilsa, safarni bekor qilgan ma’qul.

Eslatib o‘tamiz, Uzbekistan Airways Seuldan charter reysni amalga oshiradi. Aeroportda yo‘lovchilarni kutib olmaslik so‘ralmoqda.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Eronda koronavirus sabab juma namozlari bekor qilindi. Indoneziya hukumati koronavirusga chalinganlarni kimsasiz orolga joylashtiradi.