Qozog‘istonning Pavlodar viloyatida ichida 28 kishi bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketdi, deb xabar berdi KazTAG.

Foto: KazTAG

Qayd etilishicha, 28 kishining 26 nafari o‘zbekistonliklar, qolgan ikki kishi esa Qozog‘iston fuqarolari bo‘lgan.

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining xabar berishicha, yo‘l-transport hodisasi 6-martga o‘tar kechasi Ekibastuz qishlog‘i yonida Qizilo‘rda—Pavlodar avtomobil yo‘lining 1160-kilometrida sodir bo‘lgan.

“Mercedes rusumli avtobus haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, Novosibirsk—Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlangan avtobusni ag‘darib yubordi. Salonda 28 kishi bo‘lgan, ulardan 26 nafari O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ikki haydovchi — bizning mamlakatimiz fuqarosi. Favqulodda holatlar tibbiy markazi mutaxassislari, politsiyachilar va mahalliy ijroiya hokimiyati vakillari yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan joyga yetib borishdi. Shifokorlar ko‘rigidan o‘tgach, yo‘lovchilarning barchasi o‘tkinchi transportga o‘tirib ketishdi, haydovchilar voqea joyida qoldi”, — deb xabar berdi FVB.

Xabarda aytilishicha, YTH oqibatida hech kim jarohatlanmagan, qurbonlar yo‘q.

Viloyat politsiya departamenti matbuot xizmatining xabar berishicha, avtobus Novosibirskdan Chimkentga ketayotgan bo‘lgan. Ushbu holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.