Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov 10-mart, seshanba kuni, bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq holatga munosabat bildirib, mamlakatga mazkur virus kirib kelmaganini qayd etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Vazirning ta’kidlashicha, agar kasallik mamlakat hududida qayd etiladigan bo‘lsa, unga qarshi kurash uchun dori vositalarining zaxirasi, shuningdek, profilaktika bo‘yicha imkoniyatlar yetarli. Targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, zarur haqqoniy ma’lumotlarni vaqtida yetkazib turish zarur.

Eng muhimi, har bir fuqaro noto‘g‘ri, vahimali ma’lumotlarga ishonmasligi, o‘z ehtiyot choralarini ko‘rishi zarur. Bu kasallikni biz berkitayotganimiz yo‘q, uni berkitishning iloji ham yo‘q. Zarurat bo‘lmasa, xorijga chiqmaylik, cheklaylik. Siz sog‘lom bo‘lganingiz bilan yoningizdagilar o‘z kasalliklaridan bexabar holda yuqtirib qo‘yishi mumkin.

Barcha cheklov choralarini e’lon qilyapmiz va buni to‘g‘ri tushunishni so‘rar edik. Fuqarolarimiz barcha ehtiyot choralarini ko‘rsalar, ishonamanki, biz bu jangda g‘olib chiqamiz.

Alisher Shodmonov, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida koronavirus tarqalgani, xususan, ikki bemorning shahardagi 16-kasalxonaga yotqizilgani haqidagi audioxabarlar tarqaldi. Keyinroq Sog‘liqni salqash vazirligi mazkur xabarlarni rad etdi va ushbu ma’lumot haqiqatga zid ekanligini ma’lum qildi.

Koronavirus sababli Toshkentda 23—25-aprel kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Tashkent Law Spring II xalqaro yuridik forumi keyinga qoldirildi.

JSST koronavirusning dunyo miqyosida tarqalishda davom etib, pandemiyaga aylanishi mumkinligini ma’lum qildi. Tojikistonda koronavirus haqida mish-mish tarqatib, xalq orasida vahima uyg‘otganlar qidirilmoqda.